Turkiy davlatlar yetakchilari Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildi

Saqlash
16:10 / 15.05.2026 31 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Turkiston shahrining tarixiy-madaniy markazida boʻldi.

 

Oliy martabali mehmonlar Markaziy Osiyodagi islom meʼmorchiligining yorqin yodgorliklaridan biri, Qozogʻistonning bosh maʼnaviy markazi boʻlgan Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildilar.

 

XIV asr oxirida Amir Temur farmoyishiga binoan barpo etilgan ushbu maqbara bugungi kunda UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, Markaziy Osiyodagi oʻrta asr islom meʼmorchiligining eng noyob va muhtasham namunalaridan biri hisoblanadi. Uning qurilishi 1389-1391-yillarda boshlanib, XIV asr oxiriga qadar davom etgan. Majmuani bunyod etishda Movarounnahr ustalari, shuningdek, boshqa hududlardan kelgan meʼmor va naqqoshlar qatnashgan.

 

Yetakchilar buyuk soʻfiy shoir va mutafakkir xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

 

Ular shuningdek, “Hazrat Sulton” muzey-qoʻriqxonasining tashriflar markazi bilan tanishdi. Bu yerda ziyoratchilar va mehmonlarni qabul qilish, koʻrgazmalar tashkil etish hamda Turkistonning boy tarixiy-madaniy merosini namoyish qilish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Markazda oʻrta asrlar davriga oid noyob merosni saqlash, oʻrganish va keng targʻib etishga qaratilgan doimiy muzey ekspozitsiyasi – “Noyob eksponatlar zali” alohida oʻrin tutadi.

 

Ekspozitsiyada Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi bilan bogʻliq nodir tarixiy yodgorliklar, jumladan, XIV-XV asrlarga mansub osori atiqalar, oʻrta asrlar meʼmoriy va amaliy bezak sanʼati hamda kulolchilik namunalari oʻrin olgan. Maqbaraning asl eshigi, Xoja Ahmad Yassaviy qabri ustidagi yopinchiq, Amir Temur tomonidan hadya qilingan bronza shamdonlar, shuningdek, Turkistonning qadimiy tarixini ochib beruvchi arxeologik va keramik topilmalar shular jumlasidan.

 

Bunday yodgorliklar va madaniy loyihalar maʼnaviy merosni asrab-avaylash, tarixiy xotirani mustahkamlash, mushtarak ildizlar, eʼtiqod va anʼanalar bilan bogʻlangan qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//