Ilm-fan
Kecha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov rahbarligida ijodiy, kasbiy imtihonlarni puxta tayyorgarlik asosida shaffof oʻtkazish masalasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda vazirlik markaziy apparati masʼullari, oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, prorektorlar va ijodiy imtihonlar komissiya aʼzolari ishtirok etdi.
Yigʻilish kun tartibidagi dolzarb masala – ayni kunda boshlangan ijodiy, kasbiy imtihonlarni shaffof va xolis oʻtkazish boʻldi.
A. Toshqulov masʼullarga imtihonlarni nazorat qilishga jalb etilgan professor-oʻqituvchilar, mutaxassislar uchun yetarli sharoitlar yaratish, jumladan jarayonlarni adolatli oʻtkazishda halolligini koʻrsatgan mutaxassislarni katta miqdordagi qoʻshimcha pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirish zarurligini taʼkidladi.
Maʼlum qilinishicha, kasbiy imtihon oʻtkaziladigan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha jami qabul parametrlari 2 515 tani tashkil etadi. Roʻyxatdan oʻtgan va taʼlim yoʻnalishlarini tanlagan abituriyentlar soni 1 mln 200 ming nafardan oshgan. Ulardan alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar soni 60 177 nafar, test bilan birgalikda kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladigan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar soni esa 66 371 nafarni tashkil etmoqda.
Majlisda vazir oliy taʼlim maskanlari rahbarlari hamda komissiya raislariga murojaat qilib, “Sizlarga katta ishonch bildirgan holda shunday masʼuliyatli vazifaga jalb qildik, bunda sizdan faqat halollik talab etiladi”, – dedi.
Shuningdek, abituriyentlar ota-onalari va kuzatuvchilar uchun muassasa hududida imtihonni sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda oʻtkazish, jarayonlarni videotranslyatsiya qilish, har bir hududni navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan taʼminlash, jarayon haqida tezkor axborot berib borish, apellyatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish, imtihon jarayonlariga ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari, blogerlarni taklif etish boʻyicha ham masʼullarga topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektorlari soʻz olib, imtihonlarni oʻtkazishdagi tajriba va fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
A.Toshqulov yigʻilish yakunida magistraturaga hujjat qabul qilishga ham toʻxtalib, topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilayotganini qattiq tanqid qildi. Masʼullarga ushbu holatni qatʼiy nazoratga olishlari, qabul yakunlangach sertifikatlarni ekspertlar ishtirokida yana bir bor tekshirishlari, soxta sertifikat topshirganlarni oʻqishdan chetlatish boʻyicha zarur koʻrsatma berdi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q