Norboyeva xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash topshirigʻi deyarli bajarilmaganini tanqid qildi

Saqlash
22:53 / 27.07.2022 681 0

Senatda «Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi majlisi boʻlib oʻtdi. 

 

OʻzA xabariga koʻra, majlisni kirish soʻzi bilan ochgan Senat raisi, mazkur komissiya raisi Tanzila Norboyeva xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni yaxshilanishi uchun davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan ayrim ishlar bajarilmayotganini tanqid qildi. 

 

Bildirilishicha, “Olima ayollar” tuzilmasi hali tashkil etilmagan. Davlat boshqaruvi akademiyasida har yili kamida yuz nafar xotin-qizlar uchun alohida oʻquv kursi tashkil etilishi belgilangan boʻlsa ham bu amalda hali bajarilmagan. Xotin-qizlar roʻyxati hali shakllantirilmagan.

 

“Xotin-qizlar bilan bevosita ish olib boruvchi quyi boʻgʻinlar ishi qoniqarli emas. Qoralayman, quyi boʻgʻinlar ishlarini. Bu yil prezident topshirigʻi asosida 12 ming xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida uy-joy bilan taʼminlash kerak edi. Lekin 500 dan sal ortiq ayol uy-joy bilan taʼminlangan, xolos. Bu boradagi reja oʻn foizga ham bajarilmagan. 

 

Prezident qabul qilgan hujjatning bajarilmasligini qanday baholash kerak? Hujjatlar bajarilmasa, ularga ishonch qoladimi? “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning uy-joylarini taʼmirlashga koʻmaklashish nazarda tutilgan. Bu esa bir foizga ham bajarilmagan. 

 

Joylardagi masʼul tuzilmalar esa topshiriqlarni bajarish oʻrniga tadbirbozlik qilib yuribdi. Yozning jazirama issiq kunlarida 30 yoshdan oshgan ayollar sayohatlarini tashkil etish vazifasi ham qoʻyilgan. Lekin bu ham amalda bajarilmagan”, dedi Tanzila Norboyeva. 

 

Taʼkidlanishicha, davlat tomonidan ayollarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar koʻp. Majlisda bular amalda bajarilmayotgani tanqidiy koʻrib chiqilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//