“Ayrim xonadonlar bir sutkada 1000 kilovatt elektr ishlatdi” – vazirlik

Saqlash
21:19 / 26.07.2022 744 0

Oʻtgan hafta davomida anomal issiq havo harorati sababli tabiiy ravishda elektr energiyasiga boʻlgan talab eng yuqori isteʼmolni tashkil qildi.

 

Energetika vazirligi xabariga koʻra, respublika boʻyicha oʻtgan yoz mavsumida havo haroratining eng yuqori sutkasida 224 million kilovatt-soat elektr energiyasi isteʼmol qilingan boʻlsa, joriy yil 22-iyul kuni eng yuqori isteʼmol qayd etilib, 237 million kilovatt-soat yoki 6 foizga koʻpni tashkil qildi.

 

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida isteʼmol tarixiy koʻrsatkichga yetib, odatda kuz-qish mavsumida yuqori boʻladigan isteʼmoldan ortdi. Oʻtgan 2021/2022-yillar kuz-qish mavsumida Toshkent shahrida eng yuqori isteʼmol 24 million kilovatt-soatni tashkil qilgan boʻlsa, joriy yil 22-iyul sanasi bu koʻrsatkich 27,5 million kilovatt-soat yoki 15 foizga koʻpni tashkil etdi.

 

Isteʼmolning bunday oshishiga, albatta, yangi binolar qurilishi, ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilishi bilan bir qatorda, ayrim xonadonlarda elektr energiyasi sutkalik isteʼmoli 1000 kilovatt-soatgacha yetgani yoki ushbu xonadonlar oʻrtacha xonadonning 4-5 oylik elektr energiyasi isteʼmolini bir kunda isteʼmol qilishi sabab boʻlgan, deyiladi vazirlik maʼlumotida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//