Oliy diniy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari sanasi maʼlum qilindi

Saqlash
14:07 / 26.07.2022 853 0

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy taʼlim muassasalarida 2022/2023 oʻquv yili boʻyicha qabul imtihonlari ijodiy imtihon va test sinovi shaklida oʻtkaziladi. Bu haqida Diniy idoraning Taʼlim va ilmiy-tadqiqodlar boʻlimi xabar berdi. 

 

Hadis ilmi maktabiga imtihonlar 3-avgust kuni Hadis ilmi maktabi binosi sport zalida boʻlib oʻtadi. Hadis va mustalah al-hadis hamda arab tilidan ijodiy imtihon olinadi. 4-avgust kuni Hadis ilmi maktabi binosi orqa hovli qismida Oʻzbekiston tarixidan test sinovi oʻtkaziladi. 5-avgust kuni mandat hayʼati natijalarni eʼlon qiladi.

 

8-9-avgust kunlari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga kirish imtihonlari boʻlib oʻtadi. 8-avgust – arab tilidan ijodiy imtihon, 9-avgust kuni fiqh va aqoid hamda Oʻzbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari oʻtkaziladi. 10-avgust kuni mandat hayʼati natijalarni eʼlon qiladi.

 

11-12-avgust kunlari Mir Arab oliy madrasasiga kirish imtihonlari boʻlib oʻtadi. 11-avgust kuni ijodiy imtihonlar, 12-avgust kuni esa fiqh hamda aqoid va Oʻzbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari oʻtkaziladi. 13-avgust kuni natijalar eʼlon qilinadi. 

 

Eslatib oʻtamiz, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi va Hadis ilmi maktabiga oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalarini tamomlagan abituriyentlarning hujjatlari qabul qilingan.

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalari kirish test sinovlari Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladi. 2022/2023 oʻquv yili uchun test sinovlari kunlari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish