Turkiyaning Konya shahridagi O‘zbekistonlik talabalar Prezident saylovida ishtirok etishga tayyorlanmoqdalar

Saqlash
17:44 / 11.10.2021 915 0

Turkiyaning Konya shahrida O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatdan oldin ovoz berishni tashkil etish maqsadida mamlakatimizning Anqaradagi elchixonasi tomonidan mazkur shahar hokimligi rahbariyati, Nejmittin Erbakan nomidagi universitet va Selchuk universiteti rahbariyati, ushbu oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan O‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Bu haqda  “Dunyo” Axborot agentligi xabar berdi.

Konya hokimi o‘rinbosari Hoji Ibrohim Turkog‘lu,  Nejmittin Erbakan nomidagi universitet prorektori Zekeriya Mizirak, Selchuk universitetining rektori Metin Aksoy bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarda mamlakatimiz Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, unda Konyada mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar va oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ishtirok etishi uchun shart-sharoit yaratish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

Selchuk universitetida tahsil olayotgan fuqarolarimiz eʼtiboriga mamlakatimizda ushbu muhim siyosiy jarayonni tashkil etish bo‘yicha ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, saylov uchastkalarida ovoz berish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, muddatidan oldin ovoz berish tartibi, O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasi, siyosiy partiyalardan Prezidentlikka ilgari surilgan nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari, milliy saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, saylovga oid maʼlumotlar bilan tanishib borish uchun elchixonaning rasmiy veb-sayti, “Facebook” va “Telegram” ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarini kuzatib borish, ularni saylovchilar ruyxatiga kiritish imkonini beruvchi https://saylov.mfa.uz/  veb-sahifasidan foydalanish tavsiya etildi hamda mazkur muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etishga chaqirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//