Oʻzbekistonda ota-onalarning 24 foizi farzandining telefonini tekshirmasligi aniqlandi

Saqlash
21:44 / 20.07.2022 690 0

Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti “Mobil telefon – oʻquvchiga doʻstmi yoki dushman?” mavzusida soʻrovnoma oʻtkazdi. Oʻn kunlik soʻrovnomada 95 400 nafardan ortiq fuqaro qatnashgani maʼlum qilindi.

 

Ishtirokchilarning 52 foizi qoʻngʻiroqlar, xabarlar, ijtimoiy tarmoq, oʻyin va boshqalar oʻquvchilarning fikru xayolini darsdan chalgʻitishini qayd etgan.

 

Shuningdek, soʻrovnoma qatnashchilarining 16 foizi telefondan foydalanish madaniyatiga rioya qilinsa, darslarga salbiy taʼsir koʻrsatmasligini maʼqullagan.

 

Taʼkidlanishicha, “Farzandingizning mobil telefonini qancha muddatda tekshirib turasiz?" deya soʻralganida ota-onalarning 59 foizi  “har kuni”,  17 foizi esa “haftada bir marta” deb javob bergan. 24 foiz ota-ona esa umuman tekshirmasligini bildirgan.

 

Soʻrovnomaning eng yuqori koʻrsatkichi 63 foiz boʻlib, unda oʻquvchilarning koʻpchiligi internet (YouTube, Tik tok, Telegram...) shaydosi boʻlib qolayotgani tan olingan. 

 

Xususan, oʻquvchilar darsdan oldin telefonni topshirishi va dars tugagach qaytarib olishi tartibini 84 foiz ota-ona maʼqullagan boʻlsa, 13 foizi mazkur tartibni rad etgan. Qolgan 3 foizi esa farqi yoʻqligini taʼkidlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//