Turma – yugur, Tinma – tirish, Bukilma – yuksal... Jadidlarning g‘oyalari tirilmoqda, tarqalmoqda

Saqlash
02:01 / 20.07.2022 4853 0

“Biz jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.

 

Prezident jamiyatda jadidchilik g‘oyalariga ehtiyojni to‘g‘ri anglab, to‘g‘ri sharhlab bergan. Chindan ham, keyingi yillarda ma’rifatparvar bobolar merosiga murojaat keskin oshdi. Kitoblari qayta-qayta chiqarilyapti. Maqola va ko‘rsatuvlar ko‘paydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham shu mavzudagi ma’lumotlar, fikrlar, tahlillar tez-tez ko‘zga tashlanyapti.

 

Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan nashr etilgan “Jadidlar” turkumidagi cho‘ntak kitoblar (pocketbooks) to‘plami ushbu mavzuni internetning o‘zbek sigmentida yana bir bor trendga chiqardi. Mazkur to‘plamdan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Is’hoqxon to‘ra Ibrat, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Gʻulom Zafariyning hayoti va ijodi, asarlarining qisqacha tahlili, hikmatli so‘zlari o‘rin olgan.

 

Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayevning ma’lum qilishicha, har bir kitobni tayyorlashga o‘sha mavzuning professonallari jalb etilgan. Behbudiy haqida Zaynobiddin Abdurashidov, Munavvar qori haqida Sotimjon Xolboyev, Abdulla Avloniy haqida Olim Oltinbek, Abdulla Qodiriy haqida Bahodir Karim, Abdurauf Fitrat haqida Hamidulla Boltaboyev, Ibrat haqida Ulug‘bek Dolimov, Cho‘lpon haqida Dilmurod Quronov, Gʻulom Zafariy haqida Olim Usmonov yozgan.

 

Shu kunlarda “Jadidlar” to‘plami bilan rasmga tushib, ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasida e’lon qilish urfga aylandi. Chin ma’nodagi fikr yetakchilari esa olgan sovg‘asi bilan maqtanibgina qolmay, kitoblar ichidan ta’sirli iqtiboslar keltirib, ommani mazmunga kirishga da’vat etmoqdalar.

 

Taniqli jurnalist Karim Bahriyev Mahmudxo‘ja Behbudiyning quyidagi fikrlarini ulashdi:

 

“Chirog‘larim (qozoq bovurlar – red.), birlashaylik! Ko‘rasiz, bu kungi ruslar-da birlashmoqdadurlar. Endi birlashmoq zamonidir. Agarda siz ayrilsangiz, turkman qarindoshlar-da ayrilsa, Turkiston turklari uch yerga bo‘linib ketar va barchag‘a muxtoriyatdan nasiba chiqmay qolur. Yettisuvdagi musulmon qarindoshlarga ham aytaturg‘on so‘zim shuldur.

 

...Hammangizg‘a ma’lumdurki, Turkiston demak turkiy el bo‘lib, mundagi xalqning qozog‘i, qirg‘izi, sarti, o‘zbegi, turkmani, tatari – hammasi aslan... jahongir... Temurning avlodi yoki og‘a-inisidurlar”.

 

Rost24.uz sayti bosh muharriri Anora Sodiqova esa Abdurauf Fitratning jo‘shqin da’vatkor misralariga e’tibor qaratadi:

 

Turma – yugur,

Tinma – tirish,

Bukilma – yuksal,

Hurkma – kurash,

Qo‘rqma – yopish,

Yorilma – qo‘zg‘al.

 

Shuningdek, Cho‘lpondan ham ta’sirli satrlar keltiradi: 

 

Ber qo‘lingni so‘ng martaba,

Yolg‘iz qolgan o‘ksukman.

Ot o‘qingni so‘ng martaba,

Alam kutgan ko‘ksimga… 

 

Kun.uz muxbiri Jamshid Niyozov bu tashabbus millionlab pullar ko‘kka sovuriladigan festivallaru o‘tkinchi tadbirlardan ancha foydali deb hisoblashini aytib, Mahmudxo‘ja Behbudiyning bugungi kunda ham dolzabrligini yo‘qotmagan fikrlaridan iqtibos qo‘ygan:

 

“Har zamonni(ng) ilmi, hikmati va parvarishi boshqadir. Modomiki, har bola, ya’ni har kimni(ng) zamoni, otasi zamonindan boshqa bo‘lsa va har otag‘a o‘z farzandini kelar zamon uchun va kelar zamong‘a muvofiq suvratda tarbiya va ta’lim etmog‘i lozim bo‘lsa, biz na uchun kelar zamon emas, balki hozirgi va bu kungi zamon va soatimizdagi ilm va fanlarni bolalarimizg‘a o‘rgatmaymiz”.

 

“Jadidlar” turkumidagi kitoblar to‘plami 23 ming nusxada chop etilgan. Ayni kunlarda vazirlik va idoralarga, ta’lim muassasalariga tarqatilmoqda. Yoshlar yetakchilari orqali tez orada barcha mahallalarga kirib boradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//