Jamiyat
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Inkuzart taxallusi ostida ijod qiluvchi koʻcha rassomining Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin tasvirlangan yangi graffitisi paydo boʻlgani xabar qilingandi. Ijtimoiy tarmoqlarda ijod namunasi oʻchirilgani aks etgan fotosuratlar tarqaldi.
Muallif surat chizish jarayoni aks etgan postda “Kim haq yoki nohaq — bu qaysi tomondan qarashga bogʻliq”, deb rus va ukrain tillarida izoh yozib qoldirgan.
Surat oʻchirilganidan keyingi holat
Ijod namunasi jamoatchilikning keskin muhokamalariga sabab boʻldi. Bir qator faollar va fikr yetakchisi boʻlgan blogerlar Inkuzart hamda u chizgan suratni tanqid qilib, hatto, muallifni Rossiya propagandisti sifatida taʼriflamoqda. Jumladan, tadbirkor, Korzinka supermarketlar tarmogʻi asoschisi Zafar Hoshimovning fikricha, hech bir nuqtayi nazar urushni tushuntirishga yoki oqlashga harakat qilishi kerak emas.
«Agressiya, qotilliklar, millionlab begunoh qurbonlarning cheksiz iztiroblari, tinch aholiga qarshi urush jinoyatlariga qay tomondan qaramaylik, shundayligicha qolaveradi. Chunki bu falsafiy tortishuv yoki mavhum qarashlar toʻqnashuvi emas, bu hech qaysi axloq tamoyillariga toʻgʻri kelmaydigan haqiqiy urush.
Buni men hurmat qilgan ijodkor qilganidan ikki karra afsusdaman», deb yozadi u Facebookʻdagi sahifasiga joylagan postida.
Iqtisodchi Yuliy Yusupov holatga munosabat bildirib, har kimda ham oʻz “haqiqati” borligini, bu esa har qanday jirkanchlikni oqlab bera olishini aytgan.
«Albatta, har kimning oʻz haqiqati bor. Zoʻravon sifatida oʻn va balki yuz minglab odamlarning oʻlimida aybdor boʻlgan, hokimiyatni saqlab qolish uchun ummonlarcha qon toʻkishga tayyor, lekin joni shirinligidan oʻzi bunkerda qoʻrqoqlarcha titrab oʻtiradigan diktator-manyakda ham, yoki oʻz xalqini omon qolish va ozodlik uchun yetaklagan prezidentda ham. Agar siz manyakning nuqtayi nazardan qarasangiz, haqiqat kannibalizm, qotillik, zoʻravonliklarni oqlaydi.
Ammo bu ikki haqiqatni tenglashtirishga arziydimi? Gitler va Cherchill, Chikatilo va uning baʼzi qurbonlari bilan oʻxshash tasvirlar qanday koʻrinadi? Shunga qaramay, bu har xil ʻhaqiqatlarʼni tenglashtirish ham manyaklarni va qotillarni de-fakto himoya qiladigan pozitsiyadir. Bu ʻhammasi bu qadar sodda emasʻ turidan», — deydi u.
Rusiyzabon bloger Nikita Makarenko esa oʻz Telegram-kanalida quyidagicha post yozgan:
«Shaxsan men uchun rassom Inkuzart tugadi. Men unga Pablo Pikassoning ʻGernikaʻ asarini diqqat bilan tomosha qilib chiqishni tavsiya qilaman.
Xayr, Inkuzart».
Pablo Pikasso ijodiga mansub “Gernika” asari
Foto: picassotradicionyvanguardia
U surat ostida keltirilgan “Kim haq yoki nohaq — bu qaysi tomondan qarashga bogʻliq” izohiga eʼtiroz bildirgan.
“Yoʻq, bunday emas. Rassom yaxshini yomondan ajrata bilishi kerak. Va u buni uddalay olmadi”, — deydi Makarenko.
Bundan tashqari, bloger Nurbek Alimov Inkuzart birinchi marta oʻchirib yuborishga loyiq surat chizganini, bloger Dilshod Hoshimov esa urushni oqlaydigan har qanday propaganda oʻchirilishi va bloklanishi toʻgʻri yoʻl ekanini yozgan.
“Gazeta.uz” surat yuzasidan rassomning oʻzidan izoh olgan. Inkuzart qisqacha qilib: “Har kimning oʻz haqiqati borligini aytmoqchi boʻldim”, — deya javob bergan. Shuningdek, u: «Men tinchlik tarafdoriman», — deya qoʻshimcha qilgan.
Shundan soʻng Abdurahmon (Inkuzartning asl ismi) Telegram-kanaliga quyidagi soʻzlar yozilgan suratni joyladi:
«Ikki lagerga boʻlinib olgan odamlarning qarama-qarshi fikrlarini kuzatish qiziq. Buni surat isbotladi.
Jahonga tinchlik».
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q