Oʻzbekistonda “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturi tasdiqlandi

Saqlash
22:04 / 14.07.2022 1048 0

Prezident “2022-2026-yillar davomida amalga oshirilishi moʻljallangan “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

 

Yoʻl infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yoʻllarda avariya va oʻlim holatlarini keskin qisqartirish, harakatni boshqarish tizimini toʻliq raqamlashtirish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini taʼminlash maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi 2022-2026-yillar davomida respublika hududida amalga oshirilishi moʻljallangan “Xavfsiz va ravon yoʻl” umummilliy dasturi tasdiqlandi:

 

– avtomobil yoʻllari infratuzilmasini kompleks takomillashtirish;

– avtomobil yoʻllarida harakatni boshqarish tizimini raqamlashtirish;

– jamoat transportini rivojlantirish va raqamlashtirish;

– yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, bolalarga yoʻl harakati qoidalarini amaliy oʻrgatishni yoʻlga qoʻyish;

– haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda transport vositalari texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish.

 

Dasturda belgilangan manzilli tadbirlarning amalga oshirilishini oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlashga qaratilgan quyidagi nazorat tartibi oʻrnatildi:

 

– Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari – har chorakda masʼul davlat organlari tomonidan dastur ijrosi amalga oshirilishi yuzasidan hududlar kesimida oʻrganishlarni oʻtkazish va natijalari boʻyicha Bosh prokuraturaga axborot berishni tashkil etadi;

– Bosh prokuratura, Hisob palata – har chorakda masʼul davlat organlari rahbarlarining dastur ijrosi, hududlar kesimida amalga oshirilishi yuzasidan hisobotlarini eshitish va bajarilmayotgan masalalari yuzasidan tanqidiy muhokama qilish maqsadida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasiga axborot kiritish amaliyotini yoʻlga qoʻyadi;

– Vazirlar Mahkamasi – har yarim yilda dastur ijrosini hududlar kesimida tanqidiy muhokama qilish, ijrosi yuzasidan kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼul rahbarlariga intizomiy jazo choralarni koʻrish, dasturda belgilangan tadbirlarni toʻliq amalga oshirilishini tashkil etadi.

 

Dasturda belgilangan manzilli tadbirlar oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini soʻzsiz taʼminlash uchun javobgarlik shaxsan Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, ichki ishlar vaziri, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi zimmalariga yuklandi.

 

Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

 

– dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha aniq mexanizmlarni nazarda tutuvchi manzilli chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan “yoʻl xaritasi”ni har yili ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasiga kiritadi;

– har chorakda yoʻllar holati va mavjud infratuzilma, avariya oʻchoqlari, qoidabuzarliklar ahvoli tahlili asosida, harakat xavfsizligi, transport va yoʻl sohalariga masʼul idoralar rahbarlari faoliyatini tanqidiy oʻrganib, Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga muhokama qilish uchun kiritib boradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//