Madaniyat
"XXI asr" ijtimoiy-siyosiy gazetasining yangi sonida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ashurali Jo‘rayevning “Tarixiy haqiqat tiklanyapti” maqolasi e’lon qilindi.
Unda muallif Adiblar xiyobonida mumtoz adabiyotimiz namoyandalaridan tortib, zamondosh yozuvchi-shoirlargacha 24 haykal tartib bilan qad rostlab turganini faxr bilan tilga olarkan, yaqinda namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning ushbu xiyobonda o‘tyurak shoir Usmon Nosir haykali o‘rnatilishini e’lon qilgani ziyolilarni yanada quvontirganini aytib o‘tgan.
Shuningdek, Ashurali Jo‘rayev o‘zining takliflarini ham bildiradi: “Chindan ham, bunday yuksak e’zozga arziydigan ijodkorlarimiz ko‘p. Olloh xalqimizni iste’dodlilardan qismagan. Bu muazzam ziyoratgoh o‘ziga xos ansambl sifatida to‘ldirib borilar ekan, yana qaysi ustozlarimizning haykallari ushbu muhtasham qatorda qo‘r to‘kib tursa, nur ustiga nur bo‘lar edi, degan o‘y o‘tadi ko‘ngildan. Va beixtiyor o‘zbek adabiyotimizda o‘zining mustahkam maqomi, nufuziga ega O‘zbekiston xalq yozuvchilari Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev, Tog‘ay Murod kabi siymolar ham ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi”.
Jurnalist fikrlarini yakunlar ekan, ushbu taklifni millatimiz oydinlari, yozuvchi va adabiyotshunoslarimiz, ko‘p ming sonli kitobxonlar ham qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirgan.
Chindan ham yuqorida tilga olingan adiblarimiz o‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning "Ulug‘bek xazinasi" romani ijodining yorqin bosqichi sifatida e’tirofga sazovor bo‘ldi, bir necha tillarga tarjima qilingan. Va aynan "Ulug‘bek xazinasi" romani uchun Odil Yoqubov Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" ro‘znomasining eng ko‘p adadi 1 millionga yetgan yillari Odil Yoqubovning bosh muharrirligi davrlariga to‘g‘ri kelgan edi. Odil Yoqubovning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga raisligi uyushmaning mamlakatdagi ilk demokratik harakatlar beshigiga aylanishiga sharoit yaratgan edi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, keyin “Avlodlar dovoni” romanlari o‘zbek tarixiy romanchiligi rivojiga katta hissa qo‘shgan. Uning asarlari rus, ukrain, hind, urdu, turk, uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz, turkman tillarida nashr etilgan. “Yulduzli tunlar” romani uchun adib Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
XX asr o‘zbek adabiyotining Shukur Xolmirzayev ijodisiz tasavvur qilish qiyin. O‘zbek xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev 45 yillik ijodiy faoliyatida yaratgan hikoyalari o‘zbek nasrining durdonalari qatoridan o‘rin olgan. U yozuvchilar orasida birinchilardan bo‘lib o‘zbek xalqi tarixining «bosmachilik harakati» deb atab kelingan davrini o‘rgana boshlagan. Yozuvchining «Qil ko‘prik» romani va «Qora kamar» (1987) pyesasida shu mavzu o‘z ifodasini topadi.
Tog‘ay Murod Abdulla Qodiriy nomidagi Respublika mukofoti sovrindori bo‘lgan, 1999-yil unga “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoni topshirilgan. “Oydinda yurgan odamlar” qissasi uchun Oybek nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgan. 1993- yil “Yoshlik” jurnalida “Otamdan qolgan dalalar” romani chop etilgan. Barcha gazeta va jurnallarda Tog‘ay Murod asarlarining o‘ziga xos xarakteri haqidagi ajoyib taqrizlar, maqolalar chop etilgan. Tog‘ay Murod Jek Londonning hikoyalarini va Y.Seton-Tompsonning mashhur “Yovvoyi yo‘rg‘a” kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q