
Jamiyat
Xitoydagi odatiy kunlardan birida bir voqea sodir boʻldi. Haydovchi yoʻldan oʻtayotgan bir yoʻlovchini koʻrib shunchaki oʻtib ketolmadi. Mashinani toʻxtatib, u inson bilan suhbatlashdi. Gap shundaki, yoʻlovchi yurmaydigan oyoqlariga arqon bilan aravachani bogʻlagan, aravachaga esa bir qancha mango ortilgan edi. Instabloger tomonidan rus tiliga tarjima qilib joylangan ushbu video insoniylik, mehnatkashlik, iroda va chidamlilik ahamiyatini qisqa daqiqalarda aks ettirib, yuz minglab layk va izohlarga sabab boʻldi.
Mashinadan tushgan erkak yoʻlovchiga yuzlanadi:
— Kechirasiz, yordam kerakmi?
— Kerak emas.
— Unda mumkin boʻlsa, men yordam soʻrayman.
— Nima boʻldi?
— Men lapsha yegandim, lekin karmonimni uyda qoldirgan ekanman. Menga ozgina pul berib turolmaysizmi? Qasam ichaman, aldamayapman. Mehmonxonaga qaytishim bilan pullaringizni aytgan joyingizga qaytarib olib borib beraman.
— Yaxshi, imkonim boricha yordam beraman. Siz qayerdansiz?
— Men boshqa provinsiyadanman. Sayohat qilyapman.
Yoʻlovchi xaltasidan bor pulini chiqarib:
— Yana oling! Mehmonxonaga pulsiz qanday yetib olasiz, qanday taksi chaqirasiz?
— Bu yetishi kerak.
— Qanaqa odamsiz, a? Menda aravacha toʻla mango bor. Sotadigan narsam bor. Mendan xavotir olmang!
— Ha, lekin... Siz menga hamma pulingizni berib yubordingiz. Hali Sizni qayerdan topishim mumkinligi ham nomaʼlum...
— Xavotir olmang! Menga ham odamlar yordam beradi. Meni umuman qidirmasangiz ham boʻladi.
— Siz nega bunchalik mehribonsiz?
— Aytyapmanku, Xudo mendan oyoqlarimni olib qoʻyib, juda koʻp mehribon insonlarni yubordi.
Haydovchi suhbatdoshidan olgan pullarini qaytararkan:
— Bilasizmi... Mana bu pullaringizni oling!
— Ular Sizga kerak-ku.
— Yoʻq, men hazillashdim.
— Hazillashdingiz?
— Ha, men Sizni yoʻlda, sharros quyayotgan yomgʻir ostida ketayotganingizni koʻrib, oldingizga kelishga qaror qildim.
— Yoʻq, hammasi yaxshi! Men tongda, hali yomgʻir boshlanmasidanoq yoʻlga chiqqan edim. Men shunchaki mango sotish uchun bozorga borishim kerak.
— Juda koʻp mangolaringiz bor ekan!
— Hovlida ularni oʻzim yetishtiraman!
— Oʻzingizmi?
— Ha, mana, tatib koʻring!
U bir tilim mango kesib berayotganida yerga tushib ketadi.
— O, kechirasiz.
— Yoʻq, hechqisi yoʻq, hammasi joyida!
— Chindan ham mazali! Juda shirin mango ekan! Kilosi qancha turadi?
— 3,5 yuan. Bu bozor narxi.
— Butun aravachadagi mangolarni 1 kunda sotasizmi?
— Yoʻq, afsuski, raqobat kuchli. Barcha mahsulotimni kamdan kam 1 kunda sota olaman.
— Aravachada qancha kilo mango borligini oʻlchab berolasizmi?
— Siz buni menga rahmingiz kelganidan qilyapsiz, shundaymi? Menga bunday munosabatda boʻlmasligingizni soʻrayman.
— Bilasizmi, menga mango chindanam yoqdi! Rostdan! Yana koʻchada kuchli yomgʻir. Hammasini tezroq sotishingizga yordamlashishga imkon bering!
— Siz haqiqatan ham aravachadagi barcha mangoni sotib olasizmi?
— Ha! Shuyerdaligingizda mangolarni tortib, oʻlchab turing, men mashinadan pulimni olib kelaman. Maylimi?
— Yaxshi!
Haydovchi pul bilan birga soyabon ham olib keladi.
— Soyabonni oling!
— Yoʻq-yoʻq, kerak emas, oʻrganib ketganman.
— Qoʻysangizchi, oling! Yaxshisi bu yerda qanchaligini ayting! Qancha pul berishim kerak?
— Hammasi boʻlib 209 yuan boʻladi, janob. Lekin Siz 200 yuan bersangiz boʻladi.
— Shu hammasiga atigi 200 yuanmi?
— Xuddi shunday!
— Lekin ular qimmat turadi-ku!
— Koʻchada yomgʻir, Siz meni yoʻl chetida toʻxtatdingiz. Va men sizga mangoni rastalardan emas, trotuarda sotyapman. Mana shuning uchun shunday chegirma.
Haydovchi sotuvchiga aytilganidan ortiq pul berib, qaytim kerakmasligini aytadi:
— Oling!
— Bu yerda juda koʻp!
— Iltimos, oʻzingizda olib qoling!
— Lekin bu pullar menga tegishli emas... Oling, iltimos qilib soʻrayman!
— Havo unchalik yaxshi emas. Siz yomgʻirda ivib ketgansiz. Keling, shu bilan masalani yopamiz! Faqat bularni mening mashinamga oborib bersangiz, minnatdor boʻlardim.
— Ha, albatta! Soyabonni olasizmi? Men shundoq ham butunlay ivib boʻldim.
— Katta rahmat, ogʻayni!
Ikki suhbatdosh mashinaga mangolarni joylaydi:
— Tushlik vaqti boʻldi. Menda savol bor: bugun tushlik qildingizmi? Unda men Sizni taklif qilsam maylimi? Keling, ovqatlanamiz. Balki yomgʻir ham toʻxtab qolar.
— Menga juda noqulay. Men nomaqbul holatdaman.
— Hammasi joyida! Siz men bilan!
Ular bir dasturxonda ovqatlanarkan, haydovchi nogiron sherigidan soʻraydi:
— Menda bir savol bor. Mumkinmi?! Nega siz bunday ogʻir mehnat qilasiz? Oila aʼzolaringiz nima ish qiladi?
— Ota-onam qari. Pensiyaga yashab boʻlmaydi. Hammamizni taʼminlash uchun men ham mehnat qilaman. Nogiron boʻlsam ham qornimizni toʻydirishga layoqatliman. Qoʻlimdan kelgan barchasini qilaman. Men oilamga yuk boʻlishni istamayman. Aksincha...
— Aytingchi, qandaydir niyat, orzuyingiz bormi?
— Bor. Men yetarlicha azob chekdim. Va... agar reinkarnatsiya (kishi vafotidan keyin ruhini boshqa tanaga koʻchirish) boʻlsa... men qayta tugʻilishni istamagan boʻlardim.
Ular sotuvchining hovlisiga boradi.
— Bularning hammasini oʻzingiz oʻstirganmisiz?
— Ha!
— Bir qancha hosillaringiz shunchalik baland-ki... Ularni qanday uzasiz?
— Hammasi oddiy! Mana bu moslamadan foydalanaman.
Yigit bir paqirni koʻrsatib, ustiga chiqadi:
— Ehtiyot boʻling!
— Hammasi joyida! Birinchi marta emas. Mana, tatib koʻring.
— Qanday mazali... Shuncha koʻp daraxtlar... Aniq bir oʻzingiz bularning uddasidan chiqasizmi?
— Xaridorlar oʻzi kelib, terib ketadi. Yaxshi chegirma bilan ulgurjiga beraman.
— Shunaqangi sersuv hosillar... Sizga ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yuritib, jonli efirga chiqishni maslahat beraman! Shunchaki mevani kesib, ularga koʻrsating! Shunday qilib bir necha barobar koʻproq pul topishingiz mumkin! Ishoning, sizni [yaxshi, miriqib] tomosha qilishadi.
— Men bunday qilishga juda uyatchan va kamsuqumlik qilaman.
— Men akkaunt yuritishingizga, birinchi videoni tasvirga olishingizga ham yordam beraman va koʻramiz bu qanday ketishini!
Savdogar suhbatdoshiga taʼzim qilib:
— Unday boʻlsa men yaxshilab oʻqiyman va sizga minnatdorchilik bildiraman! Xotirjam boʻling!
— Arzimaydi, ogʻayni! Bas qilsangiz-chi!
Tarmoq foydalanuvchilaridan biri izohlarda mango sotuvchisini bugungi zamon qahramoni sifatida eʼtirof etib, koʻpchilik oyoq-qoʻli but boʻlaturib “Onasining yelkasiga oʻtirib olishi”ni aytsa, boshqa foydalanuvchi baʼzilar sogʻlom boʻlaturib ham ishsizlikdan aziyat chekayotganini taʼkidlagan.
Video muallif Yen Chee Keong tomonidan 29-sentyabr kuni Facebook tarmogʻiga joylangan boʻlsa-da, uning ommalashuvi rus tiliga tarjima qilingach, oʻtayotgan hafta - oktyabr oyining oʻrtalariga toʻgʻri keladi.
#insoniylik
Siyosat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q