Prezident hokimlar va investitsiya vazirligiga muhim vazifa topshirdi

Saqlash
04:55 / 14.06.2022 769 0

Prezident oʻtkazayotgan yigʻilishda quritilgan mevani eksport qilish uchun 27 xil turdagi tahlil qilinadigan laboratoriya talab etilishi, lekin birorta ham bunday laboratoriya yoʻqligi, toʻqimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib kirish uchun zarur boʻlgan 61 ta laboratoriya tahlilining 16 tasi bizda yoʻlga qoʻyilmagani tanqid qilindi.


Eng muhimi, tadbirkor bu muammolardan mahsulotini Yevropaga olib borgandan keyin xabar topayapti. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tadbirkorlar bilan ishlash, oʻqitish, muloqotni yoʻlga qoʻymagani koʻrsatib oʻtildi.


Shu munosabat bilan ushbu idoralar rahbarlari oldiga 20 mingta ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan ishlab, yil yakuniga qadar Yevropaga eksport qiluvchi korxonalar sonini 2 mingtaga koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.


Ularga bir oy muddatda qaysi standartni joriy qilish, qaysi laboratoriyani yangilash boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.


Viloyat hokimlariga ham oʻz hududida eksportchilar sonini oshirish va yangi laboratoriyalar ochish boʻyicha dastur qabul qilish topshirildi.


Investitsiya vazirligiga:


- xalqaro sertifikatsiya talablarining ichiga kirib, qaysi laboratoriyani modernizatsiyalash va qaysi standartni oʻzgartirish kabi masalalarni hal qilish;


- yil yakunigacha tekstil, elektrotexnika, agro va oziq-ovqat sanoati boʻyicha 27 ta xalqaro koʻrgazmada ishtirok etib, kamida 100 tadan eksportchilarni Yevropa bozoriga olib chiqish topshirildi.


Texnik tartibga solish agentligi yil yakuniga qadar xalqaro standartlar joriy qilingan korxonalar sonini 3 baravar oshirib, 1 ming 200 taga yetkazishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.


Ushbu korxonalarda Yevropaning 1,5 mingta standartlari joriy etiladi. Bu orqali, har bir korxona xalqaro laboratoriya xulosalari uchun 1 milliard soʻm iqtisod qilib, eksportga ketadigan vaqti 3 haftagacha qisqaradi.


Bundan tashqari, agentlikka 121 ta laboratoriya xulosalarini xalqaro standartlarga moslashtirib, kamida 100 ta davlatda tan olinishini taʼminlash topshirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//