Sevimli telekanali jurnalistlari IIO xodimlari tomonidan kaltaklanganini maʼlum qildi

Saqlash
19:40 / 13.06.2022 792 0

Oʻzbekiston va Iroq yoshlar terma jamoalari oʻrtasidagi futbol uchrashuvi nafaqat muxlislarning toshboʻroni bilan esda qoldi. 

 

Sevimli telekanalining Zamon yangiliklar dasturi veb-sayti oʻz xodimlarining faoliyatiga toʻsqinlik qilishi va ularni ichki ishlar organlari vakillari tomonidan kaltaklanishi haqida xabar berdiMaterial keyinchalik oʻchirib tashlandi, biroq uni Facebookʻda saqlab qoʻyishga ulgurishdi.

 

Xabarda taʼkidlanishicha, telekanal xodimlari turnirning barcha oʻyinlarini yoritish uchun akkreditatsiyaga ega boʻlgan va oʻz vazifasini bajargan. “Biroq, kechagi oʻyin hamkasblarimiz uchun qimmatga tushdi”, — deyiladi xabarda.

 

21:00 lar atrofida intervyu olish maqsadida xodimlari “Paxtakor” stadioniga borib organ xodimlarining qarshiligiga uchragan.

 

Futbolni yoritish uchun berilgan maxsus ruxsatnoma borligiga qaramasdan jurnalistlarga xodimlar shunday javob qaytargan: “Pressa boʻlsang, bizga ***. Biz topshiriqni bajaramiz”.

 

Shundan soʻng ijodiy guruh kiritmagani uchun oʻzining eʼtirozlarini bildirgan va stadion oldidagi holatni tasvirga olishni boshlagan. Organ xodimlari esa tasvirchining ruxsatnomasiga chang solgan, kamerasini tortib olgan, tasvirchining qoʻlini orqaga qayirib, jurnalistdan uzoqlashtirgan.

 

Koʻz oldida tasvirchini jinoyatchilardek olib ketayotganini koʻrgan jurnalist organ xodimlaridan qoʻyib yuborishni talab qilgan. Xodimlar esa uning ham qoʻllarini qayirib, mikrofon va ruxsatnomasini tortib olgan, deyiladi dastur saytija.

 

“Faoliyatim davomida birinchi marta shunday holatga duch keldim. Chunki konfliktga boradigan odam emasman. Buni meni yaqindan taniganlar yaxshi bilishadi. Ochigʻi, oʻsha mahalda oʻzimni jinoyatchidek his qildim. Organ xodimlaridan biri dabdurustdan mikrofonimga tashlandi va uni kimgadir uloqtirda, qoʻlimni orqaga qayirdi. Ikkinchisi esa kameramdan mahkam ushlab oldi”, — deb jurnalistning soʻzlaridan iqtibos keltirmoqda sayt.

 

“Bir mikrafonimga qarayman, bir tasvirchimga. Shu payt tasvirchimni yerda yotgan holatda zarbdan baqirayotganiga koʻzim tushdi. 6−7 nafar ichki ishlar xodimlari va bir nafar milliy gvardiya xodimi tepkilayotgandi. Xodimlarning biri oyogʻiga dubinka bilan urdi. Qolgani qorin va bosh qismiga tepdi. Qoʻllarim ushlangan, imkonsiz qoldim faqat urmanglar deb baqira oldim, xolos”, — dedi jurnalist.

 

“Bu jarayon soniyalar ichida sodir boʻldi-ki, nima boʻlayotganini anglab -anglamas edim. Odamlar OAV xodimlari tepkilanayotganini tasvirga olayotgandi. Koʻpchilik oldida izza boʻlganimiz, qoldi. Qoʻllarimizni qayirib, Shayxontoxur tuman IIB binosiga olib borib, navbatchilik qismiga topshirishdi”, — deyiladi hikoyada.

 

“Tasvirchim ogʻriqqa chidolmay, IIB koridorida yerda oʻtirib qoldi. Meni esa tashqariga chiqarib yuborishdi. Operatorimning sogʻligi yomonlashayotganini koʻrib, tez tibbiy yordamga qoʻngʻiroq qilishga majbur boʻldim. Tibbiyot xodimi IIBda qoldirish havfli ekanini, zudlik bilan shifoxonaga olib ketish lozimligini aytdi. Shundan soʻng sherigimni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketishdi”, — dedi jurnalist.

 

Tasvirchi ham voqea qanday sodir boʻlganini soʻzlab berdi: “Urib qoʻlimdagi kamerani tortib oldi. Har tomonimdan musht tushirdi, lekin yiqilmadim. 6−7 kishi bir vaqtning oʻzida tepkilardi. Shu payt ulardan biri ikki marta koʻkrak qismimga elektroshoker tekkazdi. Men yiqildim. Qolganini aniq eslolmayman. Tanamdagi ogʻriq zoʻridan nima koʻzim oldi dam qorongʻulashib, dam xiralashib… xullas… Koʻzimni ochganimda shifoxonada edim”.

 

Meni shifoxonaga olib borganda hamkasblarim 102 ga xabar berib, holatni tushuntirgan. Ammo mana bir sutkaki, ulardan darak yoʻq. Meniku, jonim omon qoldi. Biroq oʻrnimda boshqa “kuchsizroq” odam boʻlgan u zarblarga dosh berolmay, oʻlib ham qolishi mumkin edi. Bir odamning taqdiriga shu qadar befarq qaraladimi?", — dedi tasvirchi.

 

Shundan soʻng, tasvirchi kasalxonaga olib ketilgan, jurnalist esa kamera, shtativ, mikrafon va ruxsatnomalarini qaytarib berishni soʻragan. Uning koʻz oldida fleshkani Toshkent shahar IIBBga yuborishgan va “oʻzing oʻsha yerdan olasan” deyishgan. Futbol allaqachon tugab ham boʻlgan. Soat tungi 02:10 larda muxbir shikastlangan kamera va shtativni olgan. Biroq mikrofon va ruxsatnomalar hamon qaytarilmagan.

 

“Eng qizigʻi, boʻlar ish boʻlgandan soʻng muxbirdan ichki ishlar xodimlari kechirim soʻrab, ortiqcha gap qilmasligi va biron joyda gapirib yurmaslini aytgan. Davlat rahbari OAVni toʻrtinchi hokimiyat darajasiga koʻtargan, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik deya bong urilayotgan paytda jurnalistlar kaltaklanib, ularning ish qurollari chirparchin qilinsa, hujjatlari dimogʻdor IIO xodimi oyollari ostida xor boʻlsa… buni qanday izohlash mumkin? Bugungi jurnalistikaning asl holati shundaymi?”, — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//