Zulfiqor Musoqov shohona hovlida yashamaydi. Amerika orzusiga uchmaydigan kim bor? Akaning o‘g‘li jiyan bo‘lmaydi – “Ma’naviy hayot” jurnalining yangi soni nashrdan chiqdi

Saqlash
20:11 / 11.06.2022 1184 0

Men tanimagan bir odam internetga yozibdi: “Zulfiqor Musoqov davlatning puliga yigirma beshta film tasvirga olgan, lekin birortasi o‘zini oqlamagan!” Halovatim yo‘qoldi. Gap faqat moddiyatga borib taqalsa, bir misol keltiray: “Osmondagi bolalar” filmidan kassaga tushgan pullar Alisher Navoiy nomidagi san’at saroyining orqasidan ikkita qo‘shimcha zal qurishga sarf etilgan. Buni osmondan olib gapirayotganim yo‘q, o‘sha paytdagi direktorning o‘zi aytgan. Bundan tashqari, har hafta filmlarim televideniye orqali namoyish etiladi. O‘rtasida reklama beriladi, demak, davlatga qancha mablag‘ keltirmoqda, – deydi  yigirmaga yaqin film ishlagan bo‘lishiga qaramay, shohona hovlida emas, bor-yo‘g‘i ikki xonali kichik uyda katta oilasi bilan yashab kelayotgan, san’atni tirikchilik manbaiga aylantirmagan rejissor”. Maqolaning to‘liq matnini “Ma’naviy hayot” jurnalining 2022-yili 1-sonida o‘qishingiz mumkin.

 

Baxshi shunchaki doston, terma, qo‘shiq kuylovchi san’atkorgina emas. U xalqning qadr-qimmatini anglatadigan, inson kamoloti yo‘lida xizmat qiladigan SHAXS hisoblanadi. “Baxshi”ning asosida turuvchi “boqish” / “boqim” so‘zi qalb ko‘zi bilan boqishni, qalb ko‘zi bilan metafizik voqelikka nazar tashlashni ifodalaydi. Qalb ko‘zi ochilarkan, insonning dunyoga munosabati va dunyoni bilishi tubdan o‘zgaradi”. Atoqli folklorshunos Shomirza Turdimov bilan “G‘ayb olamiga boqib”, baxshi-shoirlar to‘g‘risidagi qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lasiz.

 

Odamning o‘ziga xiyonati og‘ir narsa. Sal ustakorlik, ozroq xushomad, ozgina maddohlig-u yana ozgina iymondan kechish bilan ham ko‘p narsaga erishish mumkinday tuyuladi. Lekin bu vaziyatda eng muhim va aziz narsalar boy beriladi. Tinimsiz mehnat va mutolaa qat’iy intizom va izlanishni o‘ziga qoida, e’tiqod deb bilgan insonni mana shu zahmatlarning o‘zi cho‘qqiga olib chiqadi”. Taniqli pulitsist Ahmadjon Meliboyevning “Umr hujjati” haqidagi mulohazalari bilan tanishasiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Dunyo onalari”, “Til va tahrir”, “Yangi quyosh bayrami”, “Amerika orzusi”, “Tog‘a kim? Jiyan-chi?” maqolalarini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Ma’lum va mashhur noma’lum” noyob kitob, Olmaliq konlari, Islom ensiklopediyasining yangi nashri, harbiylar hayoti haqida so‘z boradi.

 

Nashrning ushbu soniga Gabriel Garsia Markesning quyidagi fikri o‘ziga xos xulosa bo‘lgan: “Inson qancha tepaga chiqsa, tushishda shuncha ko‘p lat yeydi. Shuning uchun men yerda yurishni afzal ko‘raman. Pul masalasiga kelsak, kam emas pulim. Lekin u ijodimning ravnaqiga xizmat qiladi, xolos. Pul hech qachon mening yuragimni zabt etolmaydi”. Shunday ekan, ichki olamingizni yoritib boruvchi “Ma’naviy hayot”dan uzoqlashmang.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//