Davlat muzeylariga tungi vaqtlarda xizmat koʻrsatishga ruxsat berildi

Saqlash
23:28 / 31.05.2022 926 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni OʻzAda eʼlon qilindi.

 

Ushbu qarorni qabul qilishdan maqsad — mamlakatdagi muzeylar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning marketing siyosati va xizmatlar sohasini kompleks rivojlantirish, muzeylarga innovatsion texnologiyalarni samarali qoʻllash, shuningdek, muzeylarda oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixi, birinchi va ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalar hayoti va faoliyatiga oid zamonaviy yangi ekspozitsiyalarni yaratish, muzey toʻplamlaridagi boy tarixiy va madaniy merosni keng targʻib qilishdan iborat.

 

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

 

– 2022−2023-yillarda davlat muzeylarida tashkil etiladigan qoʻshimcha xizmatlarning manzilli rejasi 1-ilovaga muvofiq;

 

– Oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalar hayoti va faoliyatiga oid 2022−2024-yillarda yangi tashkil etiladigan ekspozitsiyalarning manzilli rejasi;

 

– 2022−2024-yillarda davlat muzeylarida ixtisoslashtirilgan restavratsiya laboratoriyalarini tashkil qilishning manzilli rejasi 3-ilovaga muvofiq;

 

– Noyob muzey ashyolari va kolleksiyalarining replikatsiyalarini tayyorlash hamda ularni realizatsiya qilish boʻyicha 2022−2026-yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar;

 

– Muzeylar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish rejasi;

 

– 2022−2023-yillarda muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi.

 

Muzeylarda xizmatlar sohasini kengaytirish maqsadida 2022-yil 1-iyuldan boshlab:

 

davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatish huquqi beriladi, shuningdek, zaruratga koʻra, davlat muzeylari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tungi ish vaqti muddatlarini belgilashi mumkin;

 

pulli xizmatlar koʻrsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanadi va ular moddiy ragʻbatlantiriladi. Qoʻshimcha toʻlovlar toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi muzeylar tomonidan ularning yuqori turuvchi organi bilan kelishgan holda belgilanadi;

 

davlat muzeylariga ularda tashkil etiladigan xizmatlar uchun Madaniy meros agentligi bilan kelishgan hamda bozor konyunkturasini hisobga olgan holda, byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida qoʻshimcha xodimlarni jalb etishga ruxsat beriladi.

 

Davlat muzeylari tomonidan xizmatlarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari, muzeylarning byudjetdan tashqari mablagʻlari, Madaniy meros jamgʻarmasi mablagʻlari, tijorat banklarining kreditlari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi tomonidan Turkiyaning malakali kompaniyasini jalb etgan holda 2022-yil 1-noyabrga qadar jahonning mashhur muzeylaridagi eng ilgʻor tajribalarni qoʻllagan holda Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi binolarini zamonaviy rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyalarini yaratish hamda ularda xizmatlar koʻrsatish sohasini namuna sifatida tayyorlayotgani qoʻshimcha qilingan. Xarajatlar Toshkent shahri shahar byudjeti mablagʻlari va uning qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi.

 

Maʼlumot oʻrnida, hozirda respublikada 124 ta muzey faoliyat olib bormoqda, shundan 116 tasi davlat va 8 tasi nodavlat muzey hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//