Madaniyat
Kecha Adiblar xiyobonida Yoshlar ishlari agentligi va Yosh ijodkorlar kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Duel” respublika tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unga qadar yosh ijodkorlar viloyatlar bo‘yicha saralangan edi. Finalga chiqqan ishtirokchilar nazm, nasr, tarjima, tasviriy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdilar. Ularning ijodiy ishlarini Murod Muhammad Do‘st, Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonqul, Usmon Azim, Aziz Said, Odil Ikrom, Ortiqali Qozoqov kabi hakamlar baholab borishdi.
Nasr yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa Shavkat Do‘stmuhammad, 2-o‘rin Firdavs Shokirovga nasib qildi va istisno tarzida 3-o‘rin Navro‘za Muhammadxo‘jayevaga berildi.
Nazm yo‘nalishida 1-o‘ringa Shahriyor Shavkat munosib ko‘rilgan bo‘lsa, 2-o‘rin Suhrob Ziyoga nasib etdi.
Tarjima yo‘nalishining 1-o‘rin sohibi Alisher Sabriy bo‘ldi va Shohruh Usmonov 2-o‘rin bilan taqdirlandi.
Tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha yosh rassomlar Ulug‘bek 1-o‘ringa, O‘ktam 2-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
“Birinchi marta hayotimda tanlovning saralanishi zo‘r bo‘lganini ko‘rdim. Kecha 19 nafaridan 4 nafarini tanlab olishga juda qiynaldik. Suhrob Ziyoni bilardim, Kumushni bilmasdim. Unga kecha biror kitobi chiqsa, so‘z boshi yozishga so‘z berdim. Men barcha tanlovlarda nuqul 2-o‘rinni olardim. Men doim ikkinchilar bilan birgaman”, deydi shoir Usmon Azim.
Murod Muhammad Do‘st ham o‘z o‘rnida “Yozuvchilik — bu qora mehnat. O‘ylaymanki, she’r yozmay qo‘ygan shoirlar ham biz tomonga o‘tib ketishadi”, deb mulohazalarini bildirdi.
Duelni jonli kuzatgani ko‘plab ijodkorlar, jurnalistlar va kitobxonlar kelishdi, ular "facebook" tarmog‘ida fikrlarini o‘rtoqlashdilar.
“Kecha oqshom “Duel”ga bordik. Qay barmog‘imni tishlasam og‘riydigan kun bo‘ldi – finalchilarning biri ukam, biri singlim, birlari ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib ijodiga dil ketganlarim. “Duel” she’rda boshlanib she’r bilan yakunlanganidek, nazmdan boshlasam.Bir iltimos – tanlov nizomi qat’iyroq ko‘rib chiqilsa. Shahriyor va Suhrobning alishib she’r o‘qish jarayonini nazarda tutyapman. Har kim o‘zicha yoki yo‘l-yo‘lakay qoida yasamagani yaxshi. Hatto qonli duelda ham tartiblar bo‘lgan-ku, shunday emasmi? Ishtirokchilar ham unga so‘zsiz bo‘ysungan. Demoqchimanki, har bir ijodkor “o‘z qurolidan o‘q uzsin”. To‘g‘ri, Shahriyor raqibining she’rini o‘zinikidan-da baland pardalarda o‘qidi. Ammo yosh shoir (Suhrobning) demoqchilari o‘tgan yili shu she’rni o‘zi o‘qiganchalik pardaga chiqmay qoldi.
Badiiy tarjima yo‘nalishida Alisher Sabriy va Shohruh Usmonov dueli ham o‘ziga xos kechdi. Forsiydan, inglizchadan tarjimalar asliyatdan o‘qildi. Ushbu yo‘nalishda qolgan 16 nafar ishtirokchining har biri 5 million so‘mdan rag‘batlantirilishi quvonarli bo‘ldi. Tarjimaning ishi qiyin. Til bilishdan tashqari asar ruhini anglash, asliyatgacha yetib borish mashaqqat. Shu jihatdan bu yo‘nalishga ko‘proq sarflanish kerak, ko‘proq milliyonlarni atash kerak”, deydi jurnalist Akmal Jumamurodov.
Bloger va telejurnalist Aziza Qurbonova ham o‘z kanalida quyidagilarni yozib qoldirdi: "Yosh ijodkorlar" kengashining "Duel" loyihasida mehmon bo‘ldik. Shoiru shuuru suratu tilmochlar bahsini ko‘rdik. Naqd 500 million so‘m jamg‘armali tanlov bo‘ldi bu. Bugun baland bir adabiy kecha bo‘ldi. Ovozi baland, qalami baland yoshlar bilan tanishdik. Hammasi haqda yozish mumkin, ammo Kumushni alohida ajratib ko‘rsatmoqchiman. Kumush Abdusalomova- duelning final bosqichiga yetib kelgan - Suhrob Ziyo, Shahriyor Shavkat, Rashid Xo‘jamovlar orasida yagona shoira”.
Duel yakunida birinchi o‘rin g‘oliblariga 25 million, ikkinchi o‘rin egalariga 15 million, Respublika bosqichiga chiqqan qolgan ishtirokchilarga esa 5 million so‘mdan pul mukofotlari topshirildi. Davraga Shuhrat Daryo, Baxtiyor Rahmon, Ohista Jamshid kabi xonandalar fayz kiritishdi.
Oyina.uz
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q