Oʻzbekistonda «blekaut» sabab isteʼmolchilarga qancha mablagʻ qaytarilgani aytildi

Saqlash
00:55 / 25.05.2022 654 0

Joriy yilning 25-27-yanvar kunlari Markaziy Osiyoda sodir boʻlgan «blekaut» jarayonidagi yagona elektr tarmogʻida yuz bergan avariya natijasida kuzatilgan uzilishlar sabab isteʼmolchilarga 4,5 mlrd soʻm qayta hisob-kitob qilindi. Bu haqida bugun, 23-may kuni Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Matbuot xizmati rahbari Mohruxsor Togʻayeva maʼlum qildi.


«Xabaringiz bor, joriy yilning 25-27-yanvar kunlari Markaziy Osiyo yagona elektr tarmogʻida avariya sodir boʻlishi natijasida Respublikaning barcha hududlaridagi elektr-energiya taʼminotida uzilishlar sodir boʻlgan. Uning oqibatida tabiiy gaz taʼminotida vujudga kelgan uzilishlar sababli «Toshissiqsuvquvvati» davlat unitar korxonasi tomonidan isteʼmolchilarga tartibga muvofiq belgilangan issiqlik taʼminoti yetkazib berilmaganlik holati aniqlangan. Natijada, agentlik tomonidan «Toshissiqsuvquvvati» davlat unitar korxonasiga belgilangan topshiriqlar asosan abonentlarga 4 mlrd 500 million soʻm miqdordagi belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilishga erishilgan», deydi agentlik axborot xizmati rahbari.


Maʼlumotga koʻra, xuddi shu kabi oʻrganishlar Respublikaning 9 ta hududida ham amalga oshirilib, uning natijasida 1 mlrd 222 mln soʻm miqdorda ortiqcha olingan mablagʻlar aniqlanib, bugungi kunda ushbu mablagʻlarni isteʼmolchilarga qayta hisob-kitob qilishga erishilgan.


Qolaversa, karantin choralari joriy etilgani munosabati bilan gaz hisoblagichlarni davriy qiyoslovdan oʻtkazish kechiktirilishi va keyinchalik davlat dasturi doirasida ularning oʻrniga yangi aqlli hisoblagichlar oʻrnatilishi sababli, davriy qiyoslashdan oʻtkazish boʻyicha toʻlangan 634 mln 700 ming soʻm yigʻimlarni 14 mingdan ortiq nafar isteʼmolchiga qaytarilishi boʻyicha choralar koʻrilmoqda.

 

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 25-yanvar kuni soat 11:00 larda Oʻzbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi taʼminoti uzilgan edi. Buning ortidan suv taʼminoti ham toʻxtab qolgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//