Surxondaryoning ayrim tumanlarida Ma’naviyat va ma’rifat maskanlarining qurilish ishlari boshlanmaganligi tanqid qilindi

Saqlash
20:28 / 24.05.2022 877 0

Kuni kecha Surxondaryo viloyatida Ma’naviyat va ma’rifat kengashining  navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda sohaga mas’uliyatsizlik bilan qaragan ayrim rahbarlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

 

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda hududiy kengash raislari va o‘rinbosarlari, sektor, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi To‘ra Bobolov tomonidan dastlab joriy yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan Ma’naviyat va ma’rifat maskanlarining qurilish jarayonlari muhokama qilindi.

 

 

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Sariosiyo tumanida respublikada birinchilardan bo‘lib Ma’naviyat va ma’rifat maskani foydalanishga topshirilgan edi. 2022 yilda viloyatning Boysun, Denov, Sho‘rchi, Sherobod, Qiziriq tumanlarida maskanlarning qurilish ishlari haligacha boshlanmaganligi tanqid qilinib, kengash raislariga ogohlantirish berildi.

 

Joriy yilda viloyat Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tomonidan 60 ga yaqin korxona, tashkilot, idora va muassasalar bilan “yo‘l xarita”lari imzolangan bo‘lib, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha yaxlit tizim yaratilgan. Bu esa hududlarning ijtimoiy-ma’naviy muhitini o‘rganish, tahlil qilish, sog‘lomlashtirish ishlarini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.

 

Bu ishlarni samarali yo‘lga qo‘yishda viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashining monitoring va ekspertlar guruhi namunali faoliyat yuritmoqda. Ushbu guruh xulosalariga asoslangan yig‘ilishda ayrim korxona, tashkilotlardagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar tahlil qilinib, ularning faoliyatiga salbiy baho berildi.

 

 

Jumladan, hududlardagi umumta’lim maktablarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilarni hududiy bo‘linma tavsiya xatisiz lavozimga tayinlagan Oltinsoy, Jarqo‘rg‘on tumanlarining xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va mas’ul xodimlariga  intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

 

Viloyat bo‘limi tomonidan “mahallabay”, “xonadonbay” ishlash tizimi bo‘yicha hududlarda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj “Temir daftari”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar holidan xabar olinib, “Oilalarga ma’rifat ulashib”, “Mehr va ma’rifat ulashib”, “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” shiori ostida tizimli targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Buning uchun 721 ta mahallaga oliy ta’lim muassasalarining professor va o‘qituvchilar biriktirilib, ular tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirildi.

 

Afsuski, ayrim OTMlardan biriktirilgan mas’ullar hududlardagi  mahallalarga borishmagan. Yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi, ko‘tarilgan masalalar ijrosini keyingi haftada muhokama qilish belgilab olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//