Jahon
Janubiy Koreyaning nufuzli nashrlardan biri — «The Korea Herald» gazetasi rasmiy veb-sahifasida O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining isloh qilinishi mavzusiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qildi. Bu haqda “Dunyo” Axborot agentligi xabar bermoqda.
Maqolada O‘zbekistondagi davlat xizmatlari har bir inson hayotining ajralmas qismiga aylanayotgani qayd etilgan. Misol uchun, har kuni fuqarolar bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olish, uni bolalar bog‘chasiga, keyinchalik esa maktabga joylashtirish, turli xil maʼlumotlar, biznes ochish va uni rivojlantirish uchun turli litsenziyalar olishi kerak bo‘ladi.
«Bugungi kunda ushbu jarayonlarning barchasini bitta joyda - Davlat xizmatlari markazida amalga oshirish mumkin, - deb yozadi nashr. – Bularning hammasi O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan 2017 yil 12 dekabrda davlat xizmatlari milliy tizimini isloh qilish bo‘yicha asosiy qadam tashlangan paytdan boshlandi. 4 yildan ortiq vaqtdan buyon Davlat xizmatlari markazlari odamlar tezkorlikda, qulaylik va sifat tamoyillariga asoslangan eng zarur davlat xizmatlarini olishi mumkin bo‘lgan yagona maskanga aylanib ulgurdi. Respublikaning har bir tuman yoki shaharida bittadan jami 205 ta Davlat xizmatlari markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.»
Maqolada taʼkidlanganidek, aholi fikrini o‘rganish amaliyoti muntazam ravishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning istaklariga ko‘ra ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni tobora ortib bormoqda.
Davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish yana-da qulay bo‘lishi uchun Agentlik mutaxassislari tomonidan elektron raqamli imzoni onlayn olish imkoniyati yaratildi.
«Endilikda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bir vaqtda 30 ta tijorat bankida hisob raqami ochish imkoniyati mavjud. Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bir vaqtda xodimlarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, shuningdek, elektron raqamli imzo olish ham mumkin bo‘ladi», - deb yozadi «The Korea Herald».
Respublika bo‘yicha barcha Davlat xizmatlari markazlarini real vaqt rejimida (onlayn) kuzatish imkonini beruvchi «Vaziyat markazi» ham ishga tushirildi.
Shuningdek, gazeta Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlari taqdim etilishini takomillashtirish va mahalliy boshqaruv darajasini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihasining grant mablag‘lari hisobidan “Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqilib yo‘lga qo‘yilgani va ushbu tizim yordamida biznesni yuritish uchun zarur bo‘lgan litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi soddalashtirilgani ham o‘quvchilarning eʼtiboriga havola qilingan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q