Toshkentdagi zamonaviy san’at markazi o‘ziga xos tarzda rekonstruksiya qilinmoqda

Saqlash
22:07 / 19.05.2022 1075 0

17 may kuni O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Fransiyaning Studio KO arxitektura byurosi tomonidan Zamonaviy san’at markazi binosi, Toshkentning Namuna va Hastimom mahallalaridagi art rezidensiyalarni rekonstruksiya qilish loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

 

2019 yilda Zamonaviy san’at markazi Mirobod tumani Amir Temur ko‘chasidagi tarixiy binoda joylashgan edi. 1912 yilda qurilgan sanoat binosida 1917 yil inqilobiga qadar Toshkentdagi birinchi dizel elektr stansiyasi joylashgan bo‘lib, u yerda shahardagi birinchi tramvay liniyasi uchun energiya ishlab chiqarilgan. Bino me’mori Turkiston viloyati qurilish boshqarmasi boshlig‘i Vilgelm Geynselman bo‘lib, Toshkent real maktabi, Romanovlar saroyi va boshqa loyihalar ham unga tegishlidir.

 

ZSM rekonstruksiya loyihasi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi videolavhasidan skrinshot.

 

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerovaning ta’kidlashicha, koronavirus pandemiyasi tufayli ZSMni qayta tiklash ishlarini olib borish ikki yilga qoldirishga to‘g‘ri keldi.

 

«Shu vaqt ichida bir qancha yirik tadbirlarni o‘tkazishga, Markaz qoshida Yosh rassomlar laboratoriyasini ishga tushirishga, Venetsiya biyennalesi uchun mediatorlarni jalb qilishga, mahallalarni rekonstruksiya qilishga kirishdik», — dedi u.

 

«Binoni rekonstruksiya qilish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari 2021 yilda boshlangan, ishlarni to‘liq yakunlash 2023 yilga mo‘ljallangan», — deya ma’lum qildi Gayane Umerova.

 

Binoni restavratsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini eko tamoyillar asosida amalga oshirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish rejalashtirilgan. Asosiy vazifa — binolar me’morchiligining o‘ziga xosligi va individualligini saqlab qolishdir.

 

ZSM rekonstruksiya loyihasining ko‘rsatilishi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi videolavhasidan skrinshot.

 

«Biz yaqinda qo‘shilgan barcha detallarni olib tashlagan holda dizel stansiyasi va ma’muriyat binosining asl tuzilishini qayta tiklashni va ochib berishni xohlaymiz, — dedi Studio KO asoschisi Olive Marti. — Shunday qilib, u yanada haqiqiy bo‘ladi».

 

Arxitektorning so‘zlariga ko‘ra, shiftlarning balandligi va binoning keng perimetri ma’ruza va multimedia zallari sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan joylarni jihozlash imkonini beradi. Loyihaga ko‘ra, markazning ichki hududi plazaga (maydon) aylantiriladi, bu esa makonni foydalanishni imkon qadar moslashuvchan qiladi va ochiq havoda tadbirlar o‘tkazish imkonini beradi.

 

ZSM rekonstruksiya loyihasining ko‘rsatilishi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi videolavhasidan skrinshot.

 

«Biz o‘z oldimizga mavjud bo‘lgan noyob makonni yangilash va shu orqali shaharning individual madaniy, arxitektura va tarixiy muhitini saqlab qolishdek muhim vazifani qo‘yganmiz», — deydi Gayane Umerova.

 

ZSMda O‘zbekiston san’at jamoatchiligining jahon kontekstiga integratsiyalashuviga xizmat qiladigan ko‘rgazmalar, ma’ruzalar, jamoatchilik muhokamalari, taklif etilgan rassomlar va kuratorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

 

Mashhur rassom va Atelier Misto asoschisi Mitsa Muchiarelli tomonidan yaratilgan Zamonaviy san’at markazining maketi. Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram.

 

Zamonaviy san’at markazining maketi.

 

Toshkentning Namuna va Xastimom tarixiy mahallalaridagi art-rezidensiyalar Zamonaviy san’at markazining o‘quv platformasi bo‘ladi. Unda turar-joy binolari, ko‘rgazma maydoni, kutubxona, kovorking, rassomlar, haykaltaroshlar, kulolchilar va tikuvchilar uchun ijodiy ustaxonalar bo‘ladi. Ustaxonalarda yangi media, kino va 3D bosib chiqarish bilan ham ishlash mumkin bo‘ladi. Ta’lim dasturi doirasida rassomlarning malakasini oshirish bo‘yicha maxsus dasturlar yo‘lga qo‘yiladi.

 

Namuna mahallasidagi art-rezidensiya Matkarimboy madrasasi negizida barpo etiladi. Binoni an’anaviy me’moriy qiyofasini saqlab qolgan holda restavratsiya qilish rejalashtirilgan. Ikkinchi rezidensiya esa sobiq bolalar bog‘chasi binosida tashkil etiladi.

 

Tadbirda aytilishicha, o‘z mahoratini oshirish, boshqa sohadagi hamkasblari va mutaxassislari bilan hamkorlik qilish va xalqaro miqyosda professional faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan dunyoning turli burchaklaridan kelgan ijodiy kasb vakillari rezident bo‘lishlari mumkin bo‘ladi. Art-rezidensiya dasturida ishtirok etishning asosiy sharti — qiziqarli loyiha va yangi madaniy makonda ishlash istagi.

 

Toshkent shahrida badiiy qarorgohlarning barpo etilishi shaharning ijodiy muhitini boyitadi va qulay shahar makonini yaratadi, hududlararo va xalqaro ijodiy aloqalarni rivojlantirishni rag‘batlantiradi, shaharning individual madaniy muhitini saqlab qolishga yordam beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//