“Ular Germaniyada oʻqigan edilar” koʻrgazmasi ish boshladi

Saqlash
16:05 / 18.05.2022 695 0

Xalqaro Muzeylar kuni munosabati bilan 18-30-may kunlari Oʻzbekistondagi barcha muzeylarda “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazilmoqda.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida Turkistonlik talabalarning Germaniyaga tahsil olish uchun yuborilganligining 100-yilligiga bagʻishlangan “Ular Germaniyada oʻqigan edilar” degan mavzudagi foto, hujjatlar va buyumlardan iborat koʻrgazmalarning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

 

Koʻrgazma “Oliy malakali kadrlar — Turkistonning kelajagi”, “Germaniyada tahsil olib, ona yurtida tahqir etilgan talabalar”, “Oʻzga yurtda qadr topgan olimlar” deb nomlangan uch boʻlimdan iborat.

 

Tadbirda Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi oʻrinbosari Alis Volken soʻzga chiqdi.

 

“1920-yillarda Germaniyada tahsil olgan talabalarning hujjatlari Germaniya tashqi ishlar vazirligining arxivida saqlangan. Ular vatanimizga kelib ishtiyoq bilan bilim olganliklari, ilm - taraqqiyotga yetaklaydigan kaliti ekanligini chuqur anglaganligini koʻrsatadi. Har bir millatning kuchi tarixning yaxshi va yomon tomonlarini puxta oʻrganib, undan kerakli xulosa chiqarishida deb oʻylayman. Ular taʼlim uchun Germaniyani tanlaganligi menga gʻurur bagʻishlaydi. Mana shu muhim kun bilan barchangizni qutlayman. Biz Oʻzbekiston bilan bundan keyin ham doʻstona munosabatda faoliyat olib boramiz va bundan xursandmiz", deydi Alis Volken.

 

Koʻrgazmaga filologiya fanlari doktori, akademik —Naim Karimov, Germaniyaning Konrad Adenauer fondi hamkorligida chiqarilgan “Ular Germaniyada oʻqigan edilar” kitobi muallifi — Sherali Turdiyevning qizi Kavsar Turdiyevalar hamda Germaniyada tahsil olib, 1937-1938 - yillarda qatagʻon etilgan talabalarning avlodlari ishtirok etishdi.

 

Eslatib oʻtamiz, “Ochiq eshiklar kuni” 30-mayga qadar davom etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish