“Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari taqdirlandi (ro‘yxat)

Saqlash
03:40 / 17.05.2022 2360 0

15-16-may kunlari “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

 

Kecha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida ochilish marosimidan so‘ng 28 nafar ijodiy targ‘ibotchi test sinovidan o‘tdi. So‘ng poytaxtimizning diqqatga sazovor maskanlariga sayohat uyushtirildi, Adiblar xiyobonida mushoira tashkil etildi.

Bugun esa ishtirokchilarning ijodiy-madaniy faoliyati suhbat asosida baholandi. Kunning ikkinchi yarmida Yoshlar ijod saroyida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vahobjon Rajabov bilan ijodiy targ‘ibotchilar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

– Har biringiz maktablarda o‘zingizning ijod bog‘ingizni yaratyapsizlar. Adabiyot, nafosat, go‘zallik, yaxshilik bog‘idir bu. Ijodkor shunday bir xalqki, yuragi hamisha yurtim, elim deb uradi. Endi tasavvur qiling, mana shu tuyg‘ular olti milliondan ortiq o‘quvchi farzandlarimiz qalbiga ko‘chadigan bo‘lsa... Zulfiya opaning “Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi hali” degan niyati sizlarga ham tegishli, albatta.

 

Ijodkor targ‘ibotchilarning maktablarda yangi gazeta, yangi radiouzellar tashkil qilishgani, o‘quvchilarning kitoblarini chop etishgani tahsinga sazovor. Raqamlarga e’tibor qiling, tanlovning tuman (shahar) bosqichida 7 mingdan ziyod targ‘ibotchi bellashibdi. Hududiy bosqichlarida qatnashgan 412 nafar ishtirokchining 109 nafari shoir-yozuvchi, 42 nafari jurnalist, 47 nafari ijodkor, 210 nafari esa o‘qituvchidir. Ularning 65 nafari davlat mukofoti sovrindori, 118 nafari respublika va xalqaro tanlovlar g‘olibi, 3 nafari olimlardan iboratdir, – dedi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov.

 

Shundan so‘ng “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi boshlandi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi mas’ul xodimi Abduxalil Mavrulov ochib berdi.

 

 

Tanlovning respublika bosqichida faol qatnashgan targ‘ibotchilar rag‘batlantirilgach, 8 ta nominasiya bo‘yicha sovrindorlar davraga taklif qilindi:

  “Eng yoshi ulug‘ targ‘ibotchi” – Beknazar Toshboyev;

  “Eng ko‘p kitobi chop etilgan targ‘ibotchi” – Abdinabi Hamroyev;

  “Tashabbuskor targ‘ibotchi” – Gulchehra Murodova;

  “Uchinchi Renesansga dastlabki qadam” – Mahmuda Valiyeva;

  “Qo‘shiq ishga hamnafas” – Orif Po‘latov;

  “Gʻalabaga bo‘lgan intilishi uchun” – Ozoda Ibodullayeva;

  “Faoliyati ommaviy axborot vositalari orqali eng ko‘p yoritilgan targ‘ibotchi” – Nigora Tog‘ayeva;

  “Eng yosh targ‘ibotchi” – Iroda Orifjonova.

Tanlovning asosiy g‘oliblari deya quyidagi ishtirokchilar tan olindi:

 

1-o‘rin

Hulkar Gʻafforova (Navoiy viloyati);

Abduvahob Zaripov (Samarqand viloyati).

 

2-o‘rin

Go‘zal Ibragimova (Qoraqalpog‘iston Respublikasi);

Zikrillo Ne’matov (Toshkent shahri).

 

3-o‘rin

Nargiza O‘rinova (Farg‘ona viloyati);

Jobir Ismatilloyev (Qashqadaryo viloyati).

Gʻoliblar maxsus statuetka, faxriy yorliq, qimmatbaho sovg‘alar, pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular faoliyat yuritadigan maktablarga esa 2, 3, 5 million so‘mlik kitoblar jamlanmasi ajratildi. Shunday qilib, yakuniy bosqichning barcha ishtirokchilari rag‘batlantirildi. Hech kim e’tibordan chetda qolmadi.

 

 

– Navoiy shahridagi 16-maktabda adabiy to‘garak tashkil etib, ko‘plab ijodkor o‘g‘il-qizlarni kashf qildik. Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan o‘quvchilar ijodi jamlangan kitob nashr qildirdik. Qolaversa, “Renessans” gazetasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Mazkur nashrda maktabning madaniy hayotidan xabarlar, o‘quvchilar ijodidan namunalar berib borilmoqda. Arzimas xizmatlarimizni yuksak e’tirof etgani uchun tashkilotchilarga, ustozlarga tashakkur, – dedi 1-o‘rin sohibi Hulkar Gʻafforova.

Tadbir so‘ngida taniqli san’atkorlar ishtirokida madaniy dastur namoyish etildi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//