Surxondaryoda oʻquvchining kaltaklanishi ortidan maktabning 4 xodimi va direktori ishdan boʻshatildi

Saqlash
16:54 / 16.05.2022 1011 0

Surxondaryo viloyati Bandixon tumanidagi 4-maktabning ingliz tili fani oʻqituvchisi Yu.Sh “9-B” sinf oʻquvchisi X.I ni kaltaklagani aks etgan videolavha tarqaldi. Viloyat xalq taʼlim boshqarmasining ishchi guruhi vaziyatni oʻrganib, voqea 27-aprel kuni sodir boʻlganini aniqladi.


Maʼlum boʻlishicha, dars paytida sinf rahbari E.J dars xonasiga kirib kelib, sinf oʻquvchilarining oʻzaro janjalini ijtimoiy tarmoqqa kim tarqatganligini muhokama qilgan. Oʻsha vaqtda oʻquvchi gap qaytargani uchun fan oʻqituvchisi jahl ustida uni kaltaklagan. Bolalar holatni videoga olib, 18 kundan soʻng internetga tarqatib yuborgan.


Ushbu masalani tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, ichki ishlar boʻlimi va tuman xalq taʼlim boʻlimi masʼul xodimlari oʻrganib chiqdi.


Voqea ortidan maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari O.S, oʻquv ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari N.A va ingliz tili fani oʻqituvchisi Yu.Sh va “9-B” sinf rahbari E.J bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Viloyat XTB rahbari Suluv Hamidovaning “Gazeta.uz”ga maʼlum qilishicha, video tarqalgandan soʻng, maktab direktori X.B ham lavozimidan ozod qilindi.


Shuningdek, bolalarga parallel “9-A” sinfi oʻquvchilari ham “9-B” sinfdagi ayrim oʻquvchilar maktabda “Odob-axloq qoidalari”ga rioya qilmasligi hamda tengdoshlari bilan turli-xil janjallar uyushtirib turishini aytgan. Viloyat XTB rahbarining qoʻshimcha qilishicha, kaltak yegan oʻquvchining tarbiyasi boʻyicha uning ota-onasi bilan bir necha marotaba profilaktik suhbatlar ham oʻtkazilgan.

 

Aynan ushbu oʻquvchilarning ota-onalariga farzandlarining xulqi va darsga tayyorlanmasdan kelishi yuzasidan alohida koʻrsatmalar hamda tavsiyalar berib borilgan.

 

Hozirda ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan tergovga qadar surushtiruv ishlari, shu jumladan, oʻquvchi va uning ayrim sinfdoshlari bezoriligi yuzasidan tekshiruvlar olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//