Qozoqboy Yo‘ldosh va Muhammad Ali Xalqaro Turk akademiyasining kumush medali sohibi bo‘ldi

Saqlash
14:50 / 15.09.2021 1544 0

   Kuni kecha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Xalqaro Turk akademiyasi hamkorlikda buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning qozoq tilida nashr etilgan “Hamsa”, “Muhokamatul-lug‘atayn” va shoir ijodi jamlangan “Gʻazallar” nomli kitoblarining taqdimotiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.

   Tadbirda Xalqaro Turk akademiyasi prezidenti Darxan Qidirali, Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Sotiboldi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Muxtor Avezov nomidagi Adabiyot va san’at instituti direktori Kenjexan Matijanov, “Қолжазба және фольклортану” (“Qo‘lyozmalar va folklor”) ilmiy-innovatsion markazi direktori Torali Qidir, O‘zbekiston rasmiy vakillari, shuningdek, qozoq va o‘zbek ziyolilari ishtirok etdi.

   Anjuman doirasida Qozoqboy Yo‘ldoshev Abayning “Tarbiya so‘zlari” kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilgani va nashr etilishiga hissa qo‘shgani uchun, Muhammad Ali Navoiyning “Gʻazallar” nomli kitobini tuzgani uchun Xalqaro Turk akademiyasining Kumush medali bilan taqdirlandi.

Bir vaqtlar “Sirdaryo haqiqati” gazetasida “Qozoqboyni qozoqlar ham e’tirof etdi” nomli maqola yozgan jurnalist Muhammadali Ahmadiy "facebook" tarmog‘ida qoldirgan qutlovida shunday deydi: “Keyingi paytlarda Qozoqboy Yo‘ldosh tarjima bilan ham shug‘ullana boshladi. Buyuk qozoq mutafakkiri Abayning “Tarbiya so‘zlari” kitobini asliyatga juda yaqinlashtirib o‘zbekchalashtirdi. Olimning 70 yillik yubileyida Qozog‘istondan kelgan ziyolilar: “Qozoqboy bizning ham olimimiz”, deya e’tirof etishdi”.

Aytish kerakki, Qozog‘istonda ham Navoiy asarlarini o‘rganish, tarjima qilish, nashr ettirish yuzasidan qizg‘in adabiy jarayonlar kechmoqda. Xususan, “Xamsa” kitobini Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,  qozoq shoiri Nesipbek Aituli o‘zbek tilidan qozoq tiliga tarjima qildi. Mazkur kitobdan Navoiyning – “Layli va Majnun” hamda “Saddi Iskandariy” kabi dostonlari o‘rin olgan.

Qardosh ellar bilan adabiy aloqalarimiz bardavom bo‘lsin.

 

Surat muallifi: Ahmad To'ra.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//