“Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lmagan ishtirokchilar ham rag‘batlantiriladi

Saqlash
17:05 / 13.05.2022 1104 0

Bugun, 13-may kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” tanlovining respublika bosqichini o‘tkazish yuzasidan Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Furqat Jo‘raqulov, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vahobjon Rajapov, Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Ma’mura Zohidova, Jurnalistlar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Akbarxon Magdiyev ishtirok etdi.

 

 

Yig‘ilishda tanlovning respublika bosqichini o‘tkazishdagi tashkiliy masalalar, g‘oliblarini taqdirlash, ishtirokchilarni baholash masalasi muhokama qilindi.

 

– Targ‘ibotchilarning asosiy vazifasi maktablardagi ijodiy muhitni rivojlantirish, o‘quvchilarning ijodkorlik qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga ko‘maklashishdan iboratdir. Targ‘ibotchilar o‘rtasida uyushtirilayotgan mazkur tanlov maktablarda faoliyat yuritayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilarning yetakchiligi, faolligi, ijodiy qobiliyati va tashabbuskorligini rivojlantirish, kasbiy mahoratining ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishni maqsad qilgan. Tanlovning Respublika bosqichi ishtirokchilarini baholash yuzasidan Nizomga qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Ya’ni, har bir ishtirokchining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardorligi, ma’naviy dunyoqarashi, siyosiy savodxonligi darajasi o‘rganiladi, –  deb aytib o‘tdi Furqat Jo‘raqulov.

 

– Tanlovning quyi bosqichlarida bo‘lganidek, Respublika bosqichida ham ishtirokchilarning faoliyati belgilangan nizom asosida baholanadi hamda g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar, faxriy yorliq, kitoblar jamlanmasi va diplomlar, pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar. Gʻolib bo‘lmagan ishtirokchilar ham munosib rag‘batlantiriladi, –  deb ta’qidladi Vahobjon Rajapov.

 

Eslatib o‘tamiz, tanlovning respublika bosqichi 15-16 may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish