Metrodagi turnaqator navbatlarga yo‘lovchilarning xasisligi sababligi aytilmoqda

Saqlash
16:09 / 14.09.2021 922 0

10 000 so‘mni qizg‘anish evaziga ishga, o‘qishga kechikayotganingizga achinmaysizmi?

2021-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda yagona transport kartasi joriy etildi. Kartalar o‘rnatilgan NFC chipi tufayli kontaktsiz ishlaydi. Ularning narxi 15 000 so‘mni tashkil etadi, shuningdek, ushbu summaga bir martalik transportdan foydalanish harajati ham kiradi. Oddiy qilib tushuntiradigan bo‘lsam, 10 000 so‘m karta haqi va ichida yo‘l xarjlari uchun oldindan to‘lov sifatida zahira 5000 so‘m mablag‘ bo‘ladi.

Jumladan, kartaga SMS xizmatini yoqish imkoniyati mavjud bo‘lib, siz bu xizmatni yoqish orqali kartangizni yo‘qotib qo‘ysangiz ichidagi qolgan mablag‘ni boshqa kartaga o‘tkazib olish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

Agar sizda karta bo‘lmasa-chi?

Agar sizda karta bo‘lmasa bir talay muammolarga tayyor turing. Bulardan  eng birinchisi, bir martalik QR kodli chek sotib olish uchun turnaqator navbatda qolib ketishingiz mumkin. Tabiiyki, buning ortida siz o‘z ishingizga, muhim uchrashuvga kechikishingiz mumkin. Qolaversa, asabingiz ham buzilish ehtimoli kam emas.

Ikkinchi noqulaylik siz faqat bir martalik chek olishingiz kerak bo‘ladi. Har safar metroga tushganda yuqorida ta’kidlaganimiz kabi navbatda turishingiz kerak. Chek siz uni sotib olgan bekatingiz uchun yarim soatgacha o‘z faolligini saqlab turadi. Belgilangan muddat tugashi bilan keraksiz qog‘ozga aylanib qoladi.

Uchinchi muammo - qurilma QR kodni tanib olish vaqtida yuz beradi. Kerakli masofada ushlashni bilmagan kishi qog‘ozni uskuna ekraniga yaqin olib boradi, teskari qo‘yib ko‘radi va tushunmagan holatda uskuna oldida ham tiqilinch holat yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Keyingi muammo esa tozalikka taalluqli bo‘lib, kichik, yengil qog‘oz metro bekatga kirib kelishi paytida yuzaga kelgan shamolda uchib oyoq ostida sochilib ketadi. Farroshlar muntazam kelib qog‘ozlarni terishlari holati ko‘z o‘ngimizda juda ko‘p sodir bo‘ladi. Ba’zi o‘rinlarda farroshlarning o‘zlari yo‘lovchilardan ularni yig‘ib olishayotganiga ham guvoh bo‘lamiz.

Metrodan foydalanishda yo‘l haqi 1400 so‘m, ayrim yo‘nalish avtobuslari uchun esa 1300 so‘mni tashkil qiladi. Mana shu holatda ham kartangiz bo‘lmasa muammo yuzaga kelishi haqida bir o‘ylab ko‘ring. Har bir yo‘lovchi uchun tanga pullarni sanab olish va yo‘l haqidan ko‘proq berilgan pul uchun qaytim qaytarish ham anchagina vaqtingizni oladi.

Bu transport kartasini reklama qilish emas, qimmatli vaqtingizdan o‘rinli foydalanishga chaqiruv xolos. Omon bo‘ling.

Nuriddin Ziyo

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish