“Yoshlar ovozi” tanlovining respublika bosqichi start oldi (foto)

Saqlash
10:05 / 11.05.2022 913 0

Kuni kecha, 10-may kuni “Yoshlar ovozi” respublika tanlovining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

 

“Yoshlar ovozi” respublika tanlovi 2021-yilda ilk marotaba oʻtkazilgan boʻlib, oʻz atrofida 10 mingga yaqin yoshlarni birlashtirgan. Ishtirokchilardan 87 nafari respublika bosqichida yoʻllanmani qoʻlga kiritgan edi. Respublika bosqichida ulardan 21 nafariga faxrli oʻrinlar egallash nasib qilgan.

 

 

 

Yoshlar ishlari agentligi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Besh bosqichli besh tashabbus” olimpiadasi doirasida “Boʻzatov iqtidorlarni kashf etadi!” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Yoshlar ovozi” respublika tanloviga bu yil 238 ming nafardan ortiq yoshlar roʻyxatdan oʻtdi.

 

 

 

Mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yaxlit vertikal “mahalla – tuman – viloyat – respublika” boshqaruv tizimiga asosan tanlov Nizomiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, besh bosqichdan iborat etib belgilandi:

 

birinchi bosqich – saralash bosqichi (ishtirokchilar roʻyxatdan oʻtgan barcha mahallalarda)

ikkinchi bosqich – sektor bosqichi (saralash bosqichida gʻolib boʻlgan ishtirokchilar oʻrtasida)

uchinchi bosqich – mahalliy bosqich (barcha tuman (shahar)larda)

toʻrtinchi bosqich – hududiy bosqich (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida)

beshinchi bosqich – respublika bosqichi (Qoraqalpogʻiston Respublikasida).

 

 

 

Tanlovda baxshichilik, anʼanaviy ijro, opera hamda estrada kabi 4 ta yoʻnalishda 3 ta yosh (10-15 yosh, 16-22 yosh, 23-30 yosh) toifasida yoshlar ishtirok etmoqda.

 

Hududiy bosqichgacha jami 1725 nafar yoshlar yetib keldi. Ushbu bosqich ishtirokchilarning ovoz imkoniyatlarini xolis baholash maqsadida Toshkent shahridan hakamlar hayʼati yuborildi. Har bir ishtirokchilarning chiqishlari toʻliq tasvirga olindi. Tasvirlar tanlovning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallariga joylashtiriladi.

 

 

 

Hududiy bosqich yakunlaridan soʻng gʻolib va faol qatnashchilar ishtirokida gala-konsertlar uyushtirildi. Maqsad esa yangi ovozlarni kashf etish, ularni katta sahnalarda oʻz sanʼatini namoyish etishlari uchun imkoniyat yaratishdir. Gala-konsertlar televizion formatda suratga olinib, markaziy va mahalliy telekanallar uchun maxsus koʻrsatuvlar tayyorlandi hamda namoyish etildi. Bundan tashqari, har bir bosqichdan 10 daqiqali koʻrsatuvlar tayyorlanib, jarayonlar yoritib borildi.

 

Tanlovning respublika bosqichi 10-15-may kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib oʻtadi. Unda hududiy bosqichda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 152 nafar ishtirokchi qatnashadi.

 

 

 

Respublika bosqichi toʻliq televizion formatda tasvirga olinadi. Jonli muhit yaratish maqsadida sozandalar guruhi, konsertmeyster tomonidan har bir ishtirokchining ijro etadigan asariga mos kuy shu joyning oʻzida ijro etiladi. Gʻoliblarning nomlari esa Boʻzatov tumanida boʻlib oʻtadigan yakuniy gala-konsertda eʼlon qilinadi.

 

 

 

Respublika bosqichida 1-oʻrin – 50 million soʻmdan (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta), 2-oʻrin – 30 million soʻmdan (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta), 3-oʻrin – 20 million soʻmdan (toʻrt yoʻnalishda, jami 12 ta), shuningdek, qolgan barcha ishtirokchilar – 10 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish