Vohadagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Ko‘kdala tumanida davom etmoqda

Saqlash
21:48 / 09.05.2022 1141 0

Qashqadaryo viloyatining barcha tumanlarida ko‘ngilochar dasturlar, musiqiy kechalar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda, shuningdek ziyolilar va olimlar tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati hamda qonunchilikdagi yangiliklarni keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

 

Xususan, viloyatda yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumanidagi bayram ham ko‘tarinki ruhda qarshilandi. Besh yuzdan ortiq aholi ishtirok etgan uchrashuvda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Ko‘kdala tuman hokimi Xurram Jo‘rayev tomonidan yosh avlodni ma’nan barkamol etib tarbiyalash, huquqiy savodxonligini oshirish, ularda kitobga mehr tuyg‘usini shakllantirish borasida fikr-mulohazalar bildirib o‘tildi.

Qolaversa, elimiz ardog‘idagi san’atkorlar, O‘zbekiston Qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva, Turg‘un Beknazarov, Gavhar Zokirova, Alijon Isoqov, shoir Bobur Bobomurod va iste’dodli xonandalar Sherbek va Kumush yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.

 

Tadbir so‘nggida bayram tashkilotchilari tomonidan tumandagi imkoniyati cheklangan bolalarga maxsus sovg‘alar, kitoblar jamlanmasi tuhfa qilindi. Tumandagi nuroniylar va faxriylariga to‘n kiydirildi.

 

Qashqadaryodagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar 15-maygacha davom etishi ko‘zda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//