Sardor Rahimxonning “Yurak amri” fondi faoliyatini toʻxtatdi

Saqlash
04:44 / 05.05.2022 977 0

“Yurak amri” xayriya jamoat fondi raisi, 60 kabutar, 25+ kabi loyihalar muallifi, sobiq xonanda Sardor Rahimxon “Yurak amri” fondi faoliyati tugatilganini eʼlon qildi. Bu haqida oʻz oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgan rasmiy videobayonotida aytdi.

 

““Yurak amri” xayriya fondining jamoasi, shaxsan oʻzim nomimdan rasmiy eʼlon bilan murojaat qilmoqchiman. Yodingizdami, 2020-yil 29-mart? Shunda biz butun dunyoni sarosimaga solib qoʻygan koronavirus pandemiyasiga qarshi yurtning fidoyi insonlari, shu yurtning farzandi sifatida tavakkal qilib, insonlarning qalbiga oro kiramiz, kambagʻallar, miskinlar, faqirlarning holidan xabar olamiz deya “Yurak amri” xayriya loyihasini tashkil qilgan edik. Allohga tavakkal qilib boshlagan ishimiz yuraklarga yetib bordi. Atrofimizda koʻngillilar, homiylar paydo boʻldi. Oziq-ovqat tarqatishni boshladik. Minglar xonadonlarga quvonch olib kirdik. Biz bir-ikki oy davom etadi deb oʻylagan kasallik, yillarga choʻzildi. Asta-sekin “Yurak amri”ning koʻlami, miqyosi kattalashib bordi. Oʻtgan vaqt mobaynida viloyatlarni, respublikani uch marta aylanib chiqdik. 

 

Vaqt oʻtgani sari “Yurak amri” xayriya loyihasini rasmiy fondga aylantirish ehtiyoji paydo boʻldi. Shunda biz 2021-yil 12-iyul kuni “Yurak amri” xayriya jamoat fondiga aylandik. Asta-sekin bizda boshqa maqsad paydo boʻldi. Oziq-ovqat tarqatish bilan insonlarning muammosini hal etib boʻlmas ekan. Ularning muammolarini tag-tomiri, ildizi, negizi bilan hal qilish ehtiyoji paydo boʻldi va bunga qaror qildik, qoʻl urdik.

 

Uylar berish deysizmi, ularni davolatish, oʻqitish, qarzlarini uzib berish, boshqa-boshqa muammolarga kirishdik. Niyatimizga ham yetdik. Biz yurtboshimizning kambagʻallikni qisqartirish, ayollarni Temir daftardan chiqarish siyosatlariga mos ravishda ularning yonlarida kamarbasta boʻlamiz deya harakat qildik. Tan olib aytaman, men ham, “Yurak amri”dagi yigitlar ham, koʻngillilarimiz ham boshida bunday katta fondga aylanamiz deb hech oʻylamagan edik. Shaxsan yurtboshimizning koʻmaklari, ochib bergan sharoitlari bilan mana shu kungi natijalarga yetib keldik.

 

Ikki yillik faoliyatimiz davomida minglab insonlarning xonadonlariga xursandchilik olib kirishga Alloh bizni sababchi qildi. Biz juda xursandmiz. Uylar topshirildi, kasallar tuzaldi, qarzlar uzildi, bolalarimiz, yetimlarimiz, farzandlarimiz qalbiga xursandchilik kirdi. Oʻqiyaptilar, xursand, hayotdan mamnun. Shu yurtga muhabbat bilan katta boʻlyaptilar», deydi Rahimxon.

Sardor Rahimxon mamlakat va Prezident uchun jonini berishga tayyorligini aytib oʻtgan.

“Yurak amri” xayriya fondi jamoasi Oʻzbekiston uchun, yurtboshimiz uchun har daqiqa jonimizni berishga tayyor farzandlarmiz. Ikki yillik faoliyatimiz – vaʼdalarimizning boshlanishi. Mana shu gʻanimat daqiqalardan foydalanib, eng avvalo yurtboshimizga, mahalliy hokimiyat organlariga, hokimiyat vakillariga, mahalla raislariga, beeʼtibor boʻlmaganlarga, Adliya vazirligiga, saxiylarga, koʻngillilarga, shu vaqtga qadar yonimizda turgan hammaga cheksiz minnatdorligimizni izhor etamiz.

 

Biling, azizlar! Siz boʻlmasangiz, “Yurak amri” boʻlmasdi. Siz bizga dalda boʻldingiz, kuch boʻldingiz. Gʻayratimizga gʻayrat qoʻshdingiz. Hammangizga ming rahmat.

 

Sizlardan bir narsani iltimos qilar edim: “Yurak amri”ga atagan mehr-muhabbatingizni, omonatlaringizni, ehsonlaringizni faoliyati davom etayotgan xayriya fondlariga, jumladan “Mehrli qoʻllar”, “Vaqf” singari fondlarga oʻtkazishingizni iltimos qilar edim. Chunki hammamizning maqsadimiz bir, yoʻlimiz bir – mana shu yurtning koriga yarash.

 

Alohida bir iltimosim bor edi: meni bu gaplarimni yurakdan qabul qiling, boshqa maʼno yasamang. Biz sizlardan ozgina tanaffus soʻrayapmiz».

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//