Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 3-may kuni poytaxt Toshkent shahrini aylanishi haqda xabar berilgandi.
Davlat rahbari Ichki ishlar vazirligining Situatsion-tahliliy markazida boʻldi.
Bu majmua ichki ishlar organlarining kuch va vositalarini axborot texnologiyalari asosida boshqarishga ixtisoslashgan. Zamonaviy bino qurilib, 554 terabayt xotiraga ega 18 ta server, katta hajmli kuzatuv ekrani, kompyuterlar bilan jihozlangan.
Markazda “102” tizimi, videokuzatuv kameralari, internet va boshqa manbalardan kelib tushayotgan maʼlumotlar avtomatlashgan tarzda yigʻiladi va qayta ishlanadi. Qoidabuzarlik avtotransportning davlat raqami yoki shaxsning yuz qiyofasi orqali tezkor aniqlanib, qidiruv tashkil etiladi. Bu tizim sunʼiy intellekt yordamida ishlaydi va inson omili minimal darajada. Bular orqali markaz butun mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz markazdagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi, ish tizimi bilan tanishdi. Bu yerda barcha huquq-tartibot idoralari va shoshilinch xizmatlar maʼlumotlarini integratsiya qilish zarurligini taʼkidladi.
“Bu katta ish. Lekin qamrov va tezkorlikni oshirish kerak. Odamlar qachon oʻzini xavfsiz, erkin sezadi? Qachon turist koʻpayadi? Jinoyatchilik yoʻq boʻlsa, xavfsizligiga ishonsa, koʻchada tartibdan tozalikkacha - hammasi taʼminlangan boʻlsa. Buning uchun barcha huquq-tartibot idoralari maʼlumotlarini bir mushtdek integratsiya qilish kerak. Bu integratsiya kirib borgan har bir tarmoq xodimlarining dunyoqarashini oʻzgartirish zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Axborot texnologiyalari boʻyicha oliy oʻquv yurtlarida bu tizim uchun kadrlar tayyorlash, tuman va shahar ichki ishlar boʻlimlarida zamonaviy texnologiyalar bilan ishlaydigan tahlilchilar faoliyatini tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Ichki ishlar tizimida “inson omilini istisno etuvchi” elektron navbat, masofadan murojaat kabi onlayn xizmatlarni keng joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Mahallalarda ijtimoiy muammolarni tahlil qilish, profilaktika inspektorlarining kunlik ish faoliyatini rejalashtirish va monitoring qilish boʻyicha elektron tizim yoʻlga qoʻyish topshirigʻi berildi.
Shu yerda Samarqand viloyatida “Xavfsiz turizm” dasturi doirasida yoʻlga qoʻyilgan tizim namoyish qilindi.
Davlat rahbari ichki ishlar tizimida qoʻllanilayotgan zamonaviy texnika va yangi xizmat kiyimi namunalarini ham koʻzdan kechirdi.
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q