Poytaxtdagi tirbandliklarni kamaytiruvchi muhim loyiha ishga tushdi 

Saqlash
01:11 / 04.05.2022 808 0

Hayit kunlarida Toshkent shahrida yana bir majmua – yangi yoʻl va koʻpriklar ochildi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni ushbu transport inshootini borib koʻrdi.

 

Uning qurilishi 2020-yil avgustda boshlangan edi. Loyiha doirasida 6,5 kilometr uzunlikdagi 6 tasmali avtomobil yoʻli, 6 ta koʻprik qurildi. Bu orqali Sergeli tumanidagi Qipchoq koʻchasi Yakkasaroy tumanidagi Choʻponota va Usmon Nosir koʻchalari bilan samarali bogʻlandi.

 

Shu paytgacha Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yoʻl – Yangi Sergeli koʻchasi orqali harakatlanar edi. Soatiga 4 mingta avtotransport qatnoviga moʻljallangan bu yoʻlda aslida yuklama bundan katta, shu bois ertalab va kechki paytlarda juda tirband boʻlardi.

 

Yangi qurilgan yoʻl soatiga 12 mingtagacha avtotransportni oʻtkazish quvatiga ega. Bu tirbandlik muammosini bartaraf etib, poytaxt aholisiga juda katta qulaylik yaratadi.

 

Koʻpriklar, ularga chiqish-tushish qismlari oqilona loyihalashtirilib, mavjud yoʻllarga svetoforsiz ulangan. Natijada avtotransportlar boshqa yoʻllardagi qatnovga toʻxtovsiz, qulay tarzda qoʻshilib ketishi mumkin.

 

Yana bir tomoni – havoga taʼsiri. Maʼlumki, yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Lekin bu faqat daraxt ekish degani emas, balki ekologiyani asrash ham demakdir. Yangi yoʻl ochilishi natijasida havoga zararli gaz chiqishi 3 barobarga kamayadi.

 

Yoʻl boʻylariga energiya tejamkor yoritgichlar, uzum ishkomlari oʻrnatilgan. Boʻsh maydonlar koʻkalamzorlashtirilib, piyodalar yoʻlagi va veloyoʻlakchalar tashkil etilgan.

 

Shu yerda Toshkent shahrida avtomobil yoʻllari qurish va shahar transport tizimini takomillashtirish takliflari taqdimoti oʻtkazildi. Ochilgan yoʻlni davom ettirib, Sergeli tumanini aylanib oʻtuvchi halqa yoʻligacha 6 kilometrlik yoʻl barpo etish loyihasi maʼqullandi.

 

Davlatimiz rahbari yoʻllarning oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga koʻproq eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

 

“Hamma joyda yoʻl qurib yoki kengaytirib boʻlmaydi. Koʻp narsa qatnovni toʻgʻri tashkil etishga ham bogʻliq. Endi yoʻllarning, chorrahalarning oʻtkazuvchanligini oshirish, raqamlashtirish orqali aholiga qulaylik yaratish kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Prezidentimiz shu yerda toshkentlik nuroniylar, jamoatchilik faollari bilan suhbatlashdi.

 

“Milliy qadriyatimizga koʻra, yoʻl va koʻprik qurish – savob. Odamlarning uzogʻini yaqin qiladigan bu yoʻl hozirgi ulugʻ ayyom kunlarida ochilayotgani ham quvonarli. Ilgari «Sergelida 10 ta uy qursa boʻladimi” deganda hech kim ishonmasdi. Oxirgi besh yilda Sergeli va Yangihayot tumanlarida 800 ga yaqin koʻp qavatli uylar qurildi, qariyb 100 ming aholi boshpanali boʻldi. Mana endi yoʻllari ham rivojlanyapti. Hozir mutaxassislar bilan keyingi loyihalar boʻyicha ham maslahatlashib oldik. Ularni vaqti bilan, mehnatimiz bilan, tinchlik-osoyishtalikda amalga oshira olamiz», dedi davlat rahbari.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//