Jamiyat
Fitr sadaqasi roʻzadan chiqish munosabati bilan beriladigan sadaqadir. U roʻzador uchun Ramazon oyi davomida aytgan behuda gap-soʻzlari, qilgan xato va kamchiliklarini yuvish hamda kambagʻal-miskinlarga taomlanish imkonini berish maqsadida joriy qilingan.
Hanafiy mazhabida fitr sadaqasi vojib amal hisoblanadi.
Qachon berilishi kerak?
Fitr sadaqasini Ramazon hayiti kuni tong otgandan boshlab hayit namoziga chiqishdan oldingi vaqtga qadar berish vojib hisoblanadi. Ramazonning avvalidan berilsa ham boʻladi.
Ammo Hayit namozidan keyinga qoldirmaslik kerak. Agarda kishi fitr sadaqasini iyd namozigacha bera olmasa, namozdan keyin beradi, lekin savobi Ramazon vaqtida berganchalik boʻlmaydi, ammo berishi shart. Yaʼni uni berolmay qolgan kishi zimmasida fitr sadaqasini berish vojib boʻlib qolaveradi.
Kimlar berishi kerak?
Musulmon erkagu ayol, balogʻatga yetgan-yetmagan, xoh oqil, xoh majnun boʻlsin, nisob egasi boʻlsalar zimmalariga fitr sadaqasini berish vojib boʻladi. Oʻzida pul yoʻqlarning nomidan ularga nafaqa berish lozim boʻlgan shaxslar beradi.
Shunga ham diqqat qilish kerakki, kishi balogʻatga yetgan farzandlari va xotini uchun fitr sadaqa berishi vojib emas. Agar balogʻatga yetgan farzandlari va ayoli uchun, ular aytishmasa ham, fitr sadaqasini bersa, ular zimmasidan fitr sadaqasi soqit boʻladi.
Hayit kechasi tugʻilgan chaqaloq uchun ham otasi fitr sadaqa berishi vojib boʻladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun esa vojib boʻlmaydi.
Kimlarga beriladi?
Fitr sadaqasi musulmon kambagʻal-miskinlarga beriladi. «Fatavoi Hindiya» kitobida keltirilishicha, fitrni berishda eng afzali, avvalo, aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. Soʻngra ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, soʻngra ularning farzandlari. Togʻa-xolalar va ularning farzandlari soʻng yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qoʻshnilar, kasbdoshlar, keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqli hisoblanadi.
Kimlarga berilmaydi?
Fitr sadaqasi nisob miqdoricha moli boʻlgan boy kishiga, oʻzining ota-onasi, bobo-momosiga, oʻzining oʻgʻil-qizlariga va ularning farzandlariga, er-xotin bir-biriga berish mumkin emas.
Shuningdek, gʻayridinlarga, fisq ishlarini ochiq-oydin qilib yuruvchi fosiqqa, boyga, sogʻ-salomat va ishlashga qodir boʻlaturib ishlamay yurganga berib boʻlmaydi. Bundan tashqari, gunoh va maʼsiyatga, shuningdek musulmonlarga zarar keltiradigan har qanday ishlarga sarflaydigan kimsalarga berilmaydi.
Fitr sadaqasi muhtojlarning qoʻllariga mol sifatida berilishi lozim. Bu pullar masjid qurilishi, umumiy xayriya ishlari uchun berilishi joiz emas.
Roʻza tutmaganlar ham fitr sadaqasini beradimi?
Biror uzr sababli roʻza tuta olmaganlar ham oʻzlari yoki ular nomidan nafaqa berishi kerak boʻlgan odam fitr sadaqasini berishi kerak.
Qancha miqdorda beriladi?
2022-yil uchun har bir jon boshiga fitr sadaqasining miqdori:
2 kilogramm bugʻdoy 10 000 (oʻn ming) soʻm;
4 kilogramm arpa 16 000 (oʻn olti ming) soʻm;
2 kilogramm mayiz 100 000 (yuz ming) soʻm;
4 kilogramm xurmo 160 000 (bir yuz oltish ming) soʻm deb belgilandi.
Har kim oʻz imkoniyatiga qarab ushbu toʻrt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.
Eslatma! Fitr sadaqasi qiymatlari Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilangan boʻlib, har bir viloyat oʻz bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q