1-maydan oʻzbekistonliklar hayotida nimalar oʻzgaradi?

Saqlash
05:54 / 01.05.2022 857 0

Oʻzbekistonda joriy yilning 1-may kunidan yangi qonunchilik hujjatlari kuchga kiradi. Oyina.uz ushbu oʻzgarishlarni oʻquvchilar uchun jamladi.

 

Xususan, quyida yangi oy boshidan kuchga kiradigan oʻzgarishlar bilan tanishishingiz mumkin.

 

Xorijda ishlayotgan fuqarolar va ularning oila aʼzolariga moddiy yordam beriladi

 

Qonunchilikka koʻra, har yili hokim yordamchilari yozma tavsiyanomasiga asosan:


boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan oilalarga BHMning 2 baravari (540 ming soʻm) miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi;

mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan, nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming soʻm) miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi;

mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning Oʻzbekistonda ular bilan birga yashovchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yoʻllanma beriladi.
 

 

Shuningdek, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan yoki “daftarlar”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yoʻllanmalar beriladi.

 

Yangi tahrirdagi Yoʻl harakati qoidalari amalga kiritiladi

 

Unga koʻra, jumladan, aholi punktlarida transportlarning tezligini soatiga 70 kilometrdan, maktab va bogʻchalar atrofidagi yoʻllarda 300 metrgacha masofada 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.


Bunda Prezidentning tegishli qarori bilan tashkil etilgan Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi respublika komissiyasi qarori asosida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi yoʻl harakati qatnovi yuqori boʻlgan va aholi gavjum hududlarda transport harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilanishi mumkin.

 

Chet el fuqarolariga Oʻzbekistonda koʻchmas mulk olishlari yengillashadi

 

Roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekistonda yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi beriladi:

 

Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 ming AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan koʻchmas mulk obyektlarida qiymati 180 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari;

boshqa hududlarda – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 ming AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan koʻchmas mulk obyektlarida qiymati 85 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari.


Bunda, mazkur koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekistonda doimiy roʻyxatdan oʻtish va yashash guvohnomasini olish uchun asos boʻlmaydi.

 

Qonunchilikka koʻra: “Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini shartnomaviy asosda DXM, YAIDXP (my.gov.uz) yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash boʻyicha davlat xizmati yoʻlga qoʻyiladi;


avtotransportni texnik koʻrikdan oʻtkazish jarayonida avtotransportning bosib oʻtgan masofasi haqidagi maʼlumotlar, jumladan, texnik koʻrikdan oʻtkazuvchi tadbirkorlar tomonidan ham majburiy tartibda axborot tizimiga kiritiladi.

 

Qonunchilikka koʻra:

 

“Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilganlarga va jazoni oʻtab ozodlikka chiqqan fuqarolarga beriladigan toʻlovlar har oyning 5-sanasigacha moliyalashtiriladi hamda AT “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan mahallalarga yetkaziladi;
 

AT “Xalq banki” tomonidan pensiya, nafaqalar va moddiy yordamni fuqarolarga naqd yetkazish xizmatlari uchun Pensiya jamgʻarmasi va byudjetdan 1 foiz bankka xizmat haqi toʻlab beriladi;

pensiya, nafaqa, kompensatsiyalar va moddiy yordam pulini bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//