Davron Kabulov Alisher Qodirovni konsertga, Qodirov «Million»chilarni partiya a’zoligiga taklif qildi

Saqlash
18:28 / 29.04.2022 1060 0

Avvalroq, Alisher Qodirov «Million»ning konsertiga munosabat bildirgani haqida xabar bergan edik. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov «Million» kulgu jamoasini olqishlab, odamlarni birga o‘zgartirishga da’vat etgan.

 

Bugun, «Million» jamoasi a’zosi Davron Kabulov hamda Alisher Qodirov ijtomoiy tarmoqlar orqali bir-birlariga o‘z takliflarini bildirishdi.

 

 Xususan, Davron Kabulov Alisher Qodirovni «Million»ning may oyidagi konsert dasturiga taklif qilgan.

 

«Deputatlarimizda yumorni qabul qilish hissi shakllanayotgani quvonarli. Kamchilikni tuzatish o‘rniga muammoni ko‘targanlarni bartaraf etishga urinish davri o‘tdi, degan umiddaman.

     

Alisher Qodirov OAVdagi chiqishlarini kuzatib boruvchi inson sifatida uning shov-shuvli bayonotlari bilan bir qatorda rasional fikrlari, og‘riqli masalalarga mantiqiy yechim taklif qila olishiga ham e’tibor qaratishni istagan bo‘lardim. Asosiysi, o‘sha tashabbuslarni populistik, jazavaga tushgan kayfiyatda emas - sog‘lom fikr bilan tahlil etish.

     

Alisher Qodirov sizni «Million»ning may oyidagi konsertiga taklif etamiz. Jamiyatdagi illatlarga kulgu rakursi orqali nazar solingan hazillarimizga beriladigan xolis, ob’yektiv baho «Million»chilar uchun qiziqarli bo‘ladi», degan Davron Kabulov.

     

Oradan bir necha soat o‘tgach, deputat Qodirov may oyida konsert dasturida ishtirok etishiga ishora qilib, «Million» kulgu jamoasi a’zolarini o‘zi rahbarlik qilayotgan «Milliy tiklanish» partiyasi a’zoligiga taklif qilgan.

     

«Davron Kabulov, taklif uchun rahmat. May uchun albatta rejalashtiraman. Nima uchun «Million»ni tomosha qilish kerak? Xalq va hokimiyat o‘rtasidagi muloqot doim ham ochiq va samimiy bo‘lavermaydi, buni tan olish kerak.

     

Azaldan bu kelishmovchilikni hal qilishda hazil-mutoyibaning ahamiyatli o‘rni bo‘lgan va hozir ham shunday. Odamlarni yuzingizga aytavermaydigan tanqid va tanbehlarini hazillar orqali bilib olishda foyda ko‘p.

     

Shu bilan bir qatorda, «Million»chilarni mushtarak maqsadlar uchun safimizga taklif qilaman. Jamiyatni o‘zgartirish har birimizning o‘zgarishimizdan boshlanadi. Milliy tiklanishimiz sizlarni ishtirokingizda yanada jadalroq bo‘lishiga ishonaman.

     

«Million» bu million, shubha yo‘q, faqat 1 mi yoki 35? Qancha ko‘p bo‘lsak va O‘zbekiston uchun birlasha olsak shuncha tezroq o‘zgaramiz va rivojlanamiz», deydi Qodirov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//