Oʻzbekistonda nega oʻtkir respirator kasalliklar koʻpayib borayotgani aytildi

Saqlash
22:48 / 27.04.2022 742 0

Soʻnggi oylarda dunyoning aksariyat davlatlari qatori yurtimizda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat birmuncha barqarorlashdi. Bu, oʻz navbatida, “Tez yordam” xizmatiga COVID-19 boʻyicha chaqiruvlar soni kamayishiga olib keldi.


Biroq shu kunlarda mamlakatimiz boʻylab kuzatilayotgan ob-havoning oʻzgaruvchanligi tez tibbiy yordam xizmatiga oʻtkir respirator kasalliklarga chalinish holatlari boʻyicha murojaatlar soni ortishiga sabab boʻlmoqda.


Raqamlarni tahlil qilsak, 2022-yil aprel oyining 25 sanasigacha yurtimizda “103” xizmatiga jami 799 ming 217 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan 787 ming 643 nafar bemorga tez tibbiy yordam koʻrsatilib, 75 ming 226 nafari gospitalizatsiya qilindi.


Taqqoslash uchun aytsak, 2021-yilning ayni shu davrida “Tez yordam”ga jami 773 ming 41 ta murojaat boʻlib, 762 ming 549 nafar bemorga tez tibbiy yordam koʻrsatilgan va 72 ming 614 nafari shifoxonalarga gospitalizatsiya qilingan edi.


Aprel oyining oʻtgan davrida eng koʻp murojaat Fargʻona (90 ming 721 ta), Andijon (86 ming 673 ta) va Toshkent viloyatlari (79 ming 681 ta) hamda Toshkent shahrida (75 ming 855 ta) qayd etildi. Eng kam chaqiriqlar esa Sirdaryo (28 ming 267 ta) hamda Navoiy viloyatlari (25 ming 97 ta) hissasiga toʻgʻri keldi.


“Avvalgi oylarga qaraganda aprelda mamlakatimizda oʻtkir respirator kasalliklar boʻyicha tez tibbiy yordamga chaqiriqlar soni birmuncha ortib, 80 ming 643 tani tashkil etdi. Shuningdek, tana harorati koʻtarilishi boʻyicha jami 73 ming 509 nafar bemor «103” xizmatiga murojaat qilgan. Ammo bronxopnevmoniya (615 ta) va COVID-19 (444 ta)ga gumon qilingan bemorlar murojaati 2021-yilning shu davriga nisbatan keskin kamaydi», deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yoʻldashev.


Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, 2022-yilning shu davriga kelib tez tibbiy yordam brigadalari soni 2694 taga yetkazildi. Vaholanki, bu raqam 2021-yilda 2676 tani tashkil qilgan edi.


Bundan tashqari, hududlarning geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda joriy yil yurtimizning olis tuman qishloqlari hududida yangi 24 ta tez tibbiy yordam brigadasi tashkil etish, 17 ta oilaviy shifokor punkti hamda oilaviy poliklinikalarni esa maxsus tez tibbiy yordam mashinalari bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//