Doktor Ischanov «fosh etgan holat» inkor qilindi

Saqlash
20:45 / 27.04.2022 1000 0

Toshkent viloyatidagi tibbiy sayyor qabullarda hayvonlarni tekshiradigan apparatdan odamlarni ko‘rikdan o‘tkazishda foydalanilgani ma’lum qilingandi. Bu haqida doktor Ischanov video chiqish qilgandi.

 

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur holat yuzasidan ma’lum qilishicha, Olmaliq shahridagi sayyor tibbiy ko‘rikda veterinar tekshiruvlarga mo‘ljallangan UTT apparatidan foydalanilmagan.

 

Qayd etilishicha, Olmaliq shahridagi tibbiy ko‘rik jarayonida foydalanilgan UTT apparati Xitoyda ishlab chiqarilgan, veterinar tekshiruvlarga mo‘ljallangan «Esaote Aquila VET» qurilmasi emas.

 

Aniqlik kiritilishicha, «Esaote» — Italiya kompaniyasi. Bu kompaniya tomonidan 2000 yillar boshida «Esaote Aquila VET» modeli ostida ham qurilma ishlab chiqarila boshlagan.

 

Biroq videolavhada  ko‘rsatilgan apparat «Esaote  Akuila PRO» deb nomlanadi. U umumiy klinik ultratovush, ya’ni insonlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, diagnostika qilish uchun mo‘ljallangan.

 

№531808045 seriyali mazkur uskuna Olmaliq shahar tug‘uruq kompleksiga 2008 yilda «Salomatlik-2» dasturi doirasida keltirilgan. U hozirgi kunga qadar soz holatda.

 

«Umuman, ultratovush apparatlari stasionar, portativ  mobil qurilmalarga ajratiladi. Birlamchi ko‘rikda mobil portativ uskunalardan foydalanilishi tabiiy hol. Chunki ana shu ko‘riklar natijalariga ko‘ra, bemorlar chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvga yo‘naltiriladi.

 

«Esaote  Akuila PRO» apparati ham ixcham va foydalanish uchun qulay bo‘lgan portativ  mobil qurilma hisoblanadi. Shu tufayli undan sayyor tibbiy ko‘riklar va uyda yotib qolgan bemorlar tekshiruvida foydalaniladi.

 

Ikkinchidan, ultratovush diagnostika apparati tibbiyotning turli yo‘nalishlarida ishlatilishi va tana a’zolarining exografik tasvirini hosil qilib berishga xizmat qilishini eslatib o‘tmoqchimiz.

 

Bu o‘rinda tasvirning yorqinligi va kontrast  ko‘rsatkichlari asosiy sifat mezoni hisoblanadi. Ya’ni to‘qimalarni bir-biridan ajratish va tarkibiy tuzilmalarini ko‘rsata olish hisobiga UTT shifokori ichki a’zolar holatiga baho bera oladi. «Esaote  Akuila PRO»  apparati orqali olinayotgan tasvirlar ana shu talablarga javob beradi.

 

Umuman, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida bugungi kunda zamonaviy ultratovush uskunalari qo‘llanilmoqda. Shu o‘rinda bir misol: 2018 yilda birlamchi tizimda prenatal nuqsonlarni aniqlash maqsadida davlat tomonidan «GE» kompaniyasidan 200 ta, 2020 yilda qishloq shifokor punktlarida ishlatish uchun yana 800 ta so‘nggi rusumdagi stasionar apparatlar sotib olingan», deyiladi munosabatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//