O‘zbekistonda 30 aprel kuni umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi

Saqlash
20:41 / 27.04.2022 890 0

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 apreldagi tegishli farmoyishi asosida joriy yilning 30 aprel kuni "Mahalla obodligi – yurt farovonligi" shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.

 

Hasharda mahallalar, axoli turar joylari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, moʻtabar maskanlar, bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi. Obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari yanada faol olib boriladi. Umumxalq xayriya hashari doirasida axolining ehtiyojmand qatlamlari yanada faol qo‘llab-quvvatlanadi.

 

Yurtimizda olib borilayotgan "Yashil  makon" umummilliy loyihasi doirasida barcha turar joy mavzelari, mahallalarda gul ko‘chalari, manzarali va mevali daraxtlar ekish, oqlash va butash ishlari amalga oshiriladi.

 

Farmoyishga ko‘ra, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Akademik F.N.Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘i, M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda belgilangan miqdorda ko‘chat hamda qalamchalar olish istagini bildirgan hududlardagi barcha xo‘jalik tashkilotlariga shartnoma asosida qonunchilikda belgilangan tartibda pul o‘tkazish yo‘li bilan tashkilotlarning ushbu tadbirlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lari hisobidan yetkazib berish ta’minlanadi.

 

Hashar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ehtiyojmand, ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joylarini yaxshilash va moddiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//