Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi qoʻshma ilmiy loyihalar rivojlantiriladi

Saqlash
23:19 / 25.04.2022 964 0

25-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi hukumat rahbarlari oʻrtasida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar oʻtkazildi. Muzokaralar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Belarus Respublikasi bosh vaziri Roman Golovchenko tomonidan olib borildi.

 

Uchrashuv davomida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Vazir Oʻzbekiston–Belarus qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovlari doirasida amalga oshirilgan 15 ta loyihalar yakuniga yetkazilib, hozirda tijoratlashtirish bosqichidan oʻtayotganini taʼkidladi. Shuningdek, qoʻshma tanlovlarning 2-turi doirasida jami 2 mln. AQSH dollari qiymatidagi 30 ta ilmiy loyiha moliyalashtirilganini aytib oʻtdi. Bundan tashqari, soʻnggi 3 yil davomida 200 nafar yosh olimlar va tadqiqotchilarning Belarus ilmiy-tadqiqot institutlariga stajirovkalarini tashkil etishga muvaffaq boʻlindi.

 

Muzokaralar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Belarus Milliy fanlar akademiyasi oʻrtasida memorandum hamda 2022–2023-yillar uchun ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik dasturi imzolandi. 

 

Ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik dasturi doirasida tomonlar qoʻshma ilmiy loyihalarni qoʻllab quvvatlashni davom ettirish, ilmiy tadbirlarni tashkil etish, olimlarning malakasini oshirish, ilmiy infratuzilmani rivojlantirish va texnologiyalar transferini amalga oshishga kelishdilar. Belarus Milliy akademiyasi bilan memorandum doirasida esa ikki davlat ilmiy jamoalarining turli shakllardagi hamkorligini kengaytirish, olimlar va tadqiqotchilarning oʻzaro almashinuvini yoʻlga qoʻyish, ilmiy maʼlumotlar bilan almashish, hamkorlikda nashriy faoliyatni rivojlantirish, ilmiy-amaliy tadbirlarni qoʻllab quvvatlash koʻzda tutilgan.

 

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Belarus bilan ilmiy hamkorlik doirasida Toshkent temir yoʻllar transporti muhandislari instituti hamda Toshkent Texnik universiteti bazasida ikkita qoʻshma ilmiy laboratoriyalar tashkil etilgan. Oʻnlab oʻzbek olimlari Belarus Milliy Fanlar akademiyasi institutlarida tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnabod” va Belarus Milliy texnik universitetining “Politexnik” texnoparki oʻrtasida hamkorlik oʻrnatilgan boʻlib, qoʻshma startap loyihalarni rivojlantirish nazarda tutilgan.

 

Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohalaridagi hujjatlar ikki davlat ilmiy hamkorligining yanada mustahkamlanishiga, oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//