Endilikda shifokorlarga har oy qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida ustama puli beriladi

Saqlash
21:27 / 25.04.2022 898 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida, 2022 yil 1 iyuldan olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 500 barobaridan oshmagan miqdorda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

 

Shuningdek, olis va chekka hududlarda uzluksiz uch yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.

 

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalardagi shifokorlarga bo‘lgan talabni mahallalar kesimida aniqlash, shifokorlarni jalb etish va ehtiyojga ko‘ra kelgusida ularga uy-joy ajratish choralarini ko‘riladi.

 

Qarorga ko‘ra, hududlarda oilaviy shifokor punktlari tarmog‘ini yanada kengaytirish uchun 2023 yil 1 yanvardan boshlab joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi.

 

Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi stasionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022 yil 1 iyundan boshlab qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//