“Magistraturaga oʻqishga kirish uchun mutaxassislik fanlaridan imtihonlarni bekor qilish tartibi koʻrib chiqilmoqda” – Oliy taʼlim vaziri

Saqlash
15:23 / 25.04.2022 924 0

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov 22-aprel kuni Qarshi davlat universitetining talabalari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.

 

Qayd etilishicha, uchrashuvda Abduqodir Toshqulov tizimda oʻz yechimini kutayotgan muammolarga toʻxtalib, oliy taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar xususida batafsil soʻz yuritgan. Tadbirda talabalarning magistratura mutaxassisligiga oʻqishga kirish uchun chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi malaka sertifikati majburiy qilingani toʻgʻrisidagi savolga oliy taʼlim vaziri quyidagicha javob bergan:

 

«Shu savolga javob berish asnosida sizni yangi oʻzgarishdan xabardor qilmoqchiman. Joriy yilda magistraturaga oʻqishga kirish uchun mutaxassislik fanlaridan imtihonlarni bekor qilish tartibini koʻrib chiqyapmiz. Oʻzi shunday ham talaba 8 semestr davomida mutaxassislik fanlaridan kerakli koʻnikma va bilimni egallaydi.

Magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻqishga kirish uchun chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi malaka sertifikati hamda bakalavr diplomining oʻrtacha balli hisobga olinadi. Hozirda ushbu taklif oʻrganilyapti».

 

Muloqotda, shuningdek, sanʼatshunoslik taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ham alohida davlat stipendiyalarini tashkil qilish, bakalavriat bosqichida xorijiy tillarni oʻrganish boʻyicha oʻquv soatlarini koʻpaytirish, madaniyat va sanʼat muassasalarini tashkil etish, xorijiy tillarni oʻrgatishga moslashgan volontyorlik markazlarini ochish, koreys tilini ikkinchi chet tili sifatida oʻquv rejaga kiritish kabi bir qator masalalar yuzasidan takliflar oʻrtaga tashlangan. Vazir bildirilgan taklif va tashabbuslar oʻrganib chiqilishini maʼlum qilgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//