II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” yakuniga yetdi – mutolaa madaniyatiga hissa qo‘shganlar taqdirlandi

Saqlash
09:04 / 24.04.2022 755 0

Kecha poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida II Respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezident Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov, hamkor tashkilotlar mutasaddilari, noshirlar, kutubxonachilar, soha mehnat faxriylari, OAV vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

 

Tantanali yig‘ilishda haftalik yakunlari sarhisob qilinib, uning ahamiyati, mamlakatimizda axborot, noshirlik, matbaachilik sohalarini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishdagi muhim o‘rni alohida e’tirof etildi.

 

Shuningdek, haftalik oliy o‘quv yurtlarining nashriyot-matbaa sohasida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bandligini ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shgani qayd etildi. Xususan, poytaxtimizning “Magic City” shaharchasida 32 ta nashriyot-matbaa ijod uyi tomonidan o‘tkazilgan “Mehnat yarmarkasi”da sohaga mutaxassislar tayyorlovchi 7 ta oliy o‘quv yurtining 340 nafar talaba yoshlari ishtirok etib, ularning 40 dan ortig‘i bilan mehnat shartnomalari tuzish haqida kelishib olingani ma’lum qilindi.

 

Tantanali marosim davomida “Axborot-kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda AOKA direktori va boshqa mas’ul mutasaddilar ishtirok etib, axborot-kutubxona tizimini rivojlantirish, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish ishlariga munosib hissa qo‘shgan, jamiyatda mutolaa madaniyati, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan soha xodimlariga ko‘krak nishoni va pul mukofotlarini tantanali ravishda topshirdilar.

 

Aholining kitob mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan nashriyotlar; sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar, ustoz noshir va matbaachilar; aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida kitobxonlik va mutolaa madaniyatini targ‘ib qilishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan bosma OAVlar va ijodkorlarning mehnatlari ham Haftalik tashkiliy qo‘mitasi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish