Eski banknotlar qachon muomaladan chiqarilishi aytildi

Saqlash
14:04 / 23.04.2022 1324 0

Markaziy bank qachon yangi banknotadan toʻliq foydalanish boshlanishi, eski pullar muomaladan chiqarilishi haqidagi savolga javob berdi.


“2021-yilda dastlab yangi nominaldagi, yaʼni 2 000 soʻmlik va 20 000 soʻmlik banknotlar muomalaga chiqarildi. Shuningdek, 2021-yilning avgust va dekabr oylaridan bosqichma-bosqich yangi koʻrinishdagi 5 000, 10 000, 50 000, 100 000 soʻmlik banknotlar muomalaga chiqarildi hamda ushbu banknotlar shu nominaldagi eski namunadagi banknotlar bilan parallel ravishda muomalada boʻlishi, yaʼni eski namunadagi 5 000, 10 000, 50 000, 100 000 soʻmlik banknotlar toʻlov qobiliyatini yoʻqotmasligi belgilandi”, deyiladi izohda.


Aytilishicha, eski namunadagi banknotlar tabiiy yoʻl bilan, yaʼni muomalada boʻlishi jarayonida eskirgan va toʻlovga yaroqsiz holga kelganlari muomaladan qaytarib olinmoqda. Muomalada aylanayotgan banknotlar soni 2,5 mlrd. donadan ortiq boʻlsa, shundan 201 mln. donadan ziyodi 2021-yil namunasidagi banknotlar hisoblanadi.


Muomalada eski namunadagi banknotlar salmogʻi yuqori ekanini inobatga olib, ularning muomaladan chiqarish muddatlari cheklanmagani aytilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish