Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi

Saqlash
21:34 / 22.04.2022 1542 0

Bugun poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” Farmoni hamda 2022-yil – “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi yuzasidan joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

 

Tadbirni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari Furqat Joʻraqulov olib bordi.

 

 

Oʻtgan vaqt davomida respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Davlat dasturining “Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” boʻyicha beshinchi yoʻnalish 71- maqsadda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qator tadbirlar amalga oshirildi.

 

Jumladan, Markaz tomonidan hamkor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturi loyihasini ishlab chiqish uchun mamlakatimizdagi eng yetakchi olimlar, ekspertlar guruhi shakllantirildi.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan  hududlarda “Maʼnaviyat festivali”ni oʻtkazish boʻyicha alohida reja hamda festival doirasida oʻtkaziladigan 15 ta loyiha ishlab chiqildi. 

 

Shuningdek, davlat dasturidan “Oʻzbekiston qahramonlari” kitobini chop etish ham oʻrin olgan boʻlib, ushbu yoʻnalish boʻyicha 2022-yil 14-fevral kuni “Maʼnaviyat” nashriyoti bilan shartnoma tuzilgan. Shartnoma asosida “Oʻzbekiston qahramonlari” kitobi (lotin yozuvida) 11.000 adad hamda “Oʻzbekiston qahramonlari” kitobi (kirill yozuvida) 13.000 adadga buyurtma berilgan. Bundan tashqari joriy yilning may oyida “Maʼnaviyat: asosiy tushunchalar lugʻati” kitobining taqdimoti oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

 

“Yoshlar–Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” shiori ostida “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans” gʻoyasining roʻyobga chiqarilishini taʼminlash maqsadida “Oʻz kasbini ulugʻlab...”,“Mening doʻmbiram”, «Matonat maktabi ”, «Tariximiz qatlarida... ” ruknlari ostida turkum targʻibot videomahsulotlar yaratish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi.

 

 

Davlat dasturining navbatdagi “Oʻzbek xalqining milliy qadriyatlari va maʼnaviy merosini asrab-avaylash, keng ommalashtirish hamda rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash” bandi ijrosi yuzasidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining takliflari shakllantirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida tashkil etilgan Respublika ishchi guruhga kiritildi.

 

Bundan tashqari targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning taʼsirchan, kreativ va innovatsion uslublarini ishlab chiqish hamda ularni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Xalqaro ilmiy, siyosiy jamoatchilik tomonidan tan olingan siyosiy asarlarni tarjima qilish, shuningdek, 3 ta respublika tanlovini oʻtkazish rejalashtirilgan.

 

Aholini ijtimoiy-maʼnaviy holatini oʻrganishni oʻzida mujassam etgan soʻrovnoma ishlab chiqildi va uni onlayn tarzda oʻtkazish belgilandi. Namuna sifatida Toshkent viloyati Chirchiq shahri tanlab olindi. Joriy yilning 25-fevral kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti xodimlari Toshkent viloyati Chirchiq shahar mahalla fuqarolar yigʻinlari raislariga soʻrovnomalarning mazmun-mohiyati va uni ishlash tartibi yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borishdi. Olib borilgan soʻrovnomalar natijalari boʻyicha tahliliy materiallar tayyorlanmoqda.

 

Xorijiy davlatlarda oʻzbek tili, madaniyati va milliy anʼanalarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat boʻlgan Alisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etish boʻyicha Markaz tomonidan masʼul biriktirilib, hamkorlarga 14 banddan iborat taklif yuborildi.

 

 

Qizgʻin bahs-munozaralar asnosida oʻtgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari Furqat Joʻraqulov javob berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//