Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoning asosiy muammolarini sanadi

Saqlash
21:11 / 22.04.2022 808 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi.

 

Soʻnggi yillarda viloyatda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yili 25-dekabrda Gʻuzor tumanida sintetik yoqilgʻi ishlab chiqaradigan “Uzbekistan GTL” zavodi ishga tushirildi. Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish loyihasi qurilishi boshlandi.

 

Davlat dasturlariga koʻra, joriy yilda Qashqadaryoga 1,5 trillion soʻmdan ziyod mablagʻlar ajratilib, jami 2 ming 800 kilometr muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, 160 ta ijtimoiy soha obyektlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.

 

Prezident sessiyadagi nutqida bundan keyingi vazifalarga, yechimini kutayotgan muammolarga koʻproq toʻxtaldi.

 

Misol uchun, viloyat aholisining atigi 43 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlangan. Ayniqsa, Koson, Dehqonobod, Gʻuzor, Qamashi tumanlarida suv taʼminoti juda past. Gaz, elektr, ichki yoʻllar, transport, qishloq xoʻjaligi, bank-kredit sohalarida ham muammolar bor.

 

Viloyatda 108 ta tibbiyot muassasasi, 172 ta maktab, 144 ta bolalar bogʻchasi taʼmirtalab ahvolda. Koʻplab bogʻcha va maktablarda isitish tizimi ishdan chiqqan. 19 ta maktabda qatnov koeffitsiyenti yuqori boʻlib, oʻquvchi oʻrinlari yetishmaydi.

 

Shu bois, joriy yilda Qashqadaryoda ijtimoiy soha va infratuzilmani yaxshilash uchun respublika byudjetidan qoʻshimcha 360 milliard soʻm ajratilishi taʼkidlandi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablagʻlaridan 100 million dollar imtiyozli mablagʻlar yoʻnaltiriladi.

 

Bugungi kunda 350 ming odam ishga muhtojligi, yangi mahallabay tizim asosida ularni tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilikka jalb etish muhimligi qayd etildi.

 

Viloyat ulkan sanoat salohiyatiga ega boʻlsada, yalpi hududiy mahsulotda sanoat ulushi atigi 18 foiz ekani koʻrsatib oʻtildi.

 

Shuning uchun 2022-2023-yillarga moʻljallangan umumiy qiymati 14,7 trillion soʻm boʻlgan 270 ta sanoat loyihalari dasturi shakllantirilgani maʼlum qilindi.

 

Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi quvvatini kengaytirish, Gʻuzorda quyosh elektr stansiyasi barpo etish, Dehqonobod va Qamashida qurilish materiallari klasterini ishga tushirish, Kitob tumanida sement zavodi tashkil qilish kabi yirik loyihalar boshlangan.

 

Kuni kecha imzolangan Prezident qarorida Qashqadaryodagi tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirishga 45 million dollar yoʻnaltirilishi belgilangan.

 

Qishloq xoʻjaligida 7,4 trillion soʻmlik 524 ta loyihani amalga oshirib, 286 mingta ish oʻrni yaratish mumkinligi taʼkidlandi.

 

Jumladan, 40 ming gektardan ortiq yerlar qayta foydalanishga kiritiladi. 20 ming gektarda anorzorlar barpo qilinadi. Yakkabogʻ, Chiroqchi, Qamashi, Shahrisabz va Kitob tumanlarini suv bilan taʼminlash uchun «Ayoqchisoy» sel suv ombori quriladi. Tomorqada meva-sabzavot yetishtirish, chorvachilik va kovrakchilik qoʻllab-quvvatlanadi.

 

Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Joriy yilda Qashqadaryoda 5 ming xonadonli 143 ta koʻp qavatli uy-joy foydalanishga topshiriladi.

 

1 ming 823 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari hamda 1 ming 570 kilometr ichki yoʻllar quriladi, 9 mingdan ziyod aholining gaz taʼminoti qayta tiklanadi.

 

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida bu yil 30 ta maskan qiyofasi yaxshilanadi.

 

Maktabgacha taʼlim muassasalari va maktablar, tibbiyot punktlari qurish, yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//