Yakshanba kuni yomgʻir yogʻishi kutilmoqda

Saqlash
20:00 / 22.04.2022 816 0

Dam olish kunlari yogʻingarchilik boʻladi, deya xabar bermoqda Oʻzgidromet matbuot xizmati.

 

Bugun, 22-aprel kuni respublikada iliq va quruq ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat Qoraqalpogʻistonning ayrim tumanlarida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi. Kunduzi havo harorati +25…+28 daraja atrofida boʻladi.

 

Shanba kuni Oʻzbekistonning katta qismida quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat Qoraqalpogʻistonda, Xorazm viloyatida va choʻl hududlarda baʼzi joylarda Volga boʻyi hududlaridan nam va nisbatan salqin havo kirib kelishi hisobiga qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi.

 

Yakshanba kuni nam havo massasi Oʻzbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Koʻpchilik viloyatlarda yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

 

Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Fargʻona viloyatlaridagi baʼzi joylarda yomgʻir kuchli boʻladi. Havo harorati biroz pasayadi va kunduzi +20…+25 darajadan yuqori boʻlmaydi.

 

Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi kuzatiladi.

 

Shuningdek, 25-aprel dushanba kuni ham Oʻzbekistonning markaziy va sharqiy hududlarida yomgʻir yogʻishi saqlanib turadi. Oʻzgidromet 24−25-aprelda togʻ oldi va togʻli hududlarda sel kelishi xavfi mavjudligini maʼlum qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//