Jahon
Turkiyada chop etiladigan nufuzli «Business Turk» jurnali tahririyati bilan hamkorlikda mazkur nashrning «Yangidan uyg‘onish: O‘zbekiston mustaqilligining 30-yilida» nomli maxsus soni chop etildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Xabarda ma’lum qilinishicha, maxsus sonning kirish qismi «Oltin qalam» XV milliy mukofoti sovrindori, jurnal bosh muharriri M.Ruzubayning O‘zbekiston haqida fikrlari bilan boshlangan. Shuningdek, maxsus sonning taqdimot so‘zi O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi A.A’zamxodjayev qalamiga mansub. Unda 30 yil avval O‘zbekistonning mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat Turkiya bo‘lganligi, O‘zbekiston Turkiyaning shunday jasoratli va birodarona qarorini behad olqishlashi alohida e’tirof etilgan.
48 sahifadan iborat bo‘lgan jurnalning mazkur maxsus sonida O‘zbekiston davlat tizimi, jo‘g‘rofiyasi, tarixi, iqtisodiyoti, sayyohlik salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berilgan, mamlakatimizning har bir viloyatining o‘ziga xos xususiyatlari, iqtisodiy imkoniyatlari haqida ham batafsil fikr yuritilgan.
«Mustaqil O‘zbekiston» deb nomlangan bo‘limda mamlakatimizning davlat ramzlari, Konstitusiyasi, milliy valyutasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va dunyo davlatlari bilan aloqalari haqidagi materiallar o‘rin olgan. Aksariyat maqolalarda O‘zbekiston bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida «Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans» g‘oyasi yo‘lida azmu shijoat bilan olg‘a odimlayotgani ta’kidlangan.
Shuningdek, so‘nggi yillarda o‘zbek-turk munosabatlarida erishilgan muvaffaqiyatlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil Turkiyaga buyurgan tarixiy tashrifi, 2020 yil Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy darajali strategik kengashning ilk majlisi va natijalari, Turkiya Prezidenti Devoniga qarashli Xalq kutubxonasi ochilishida O‘zbekiston Prezidentining faxriy mehmon sifatidagi ishtiroki va nutqining muhimligi e’tirof etilgan.
Jurnalning O‘zbekiston hayotiga bag‘ishlangan maxsus sonida chop etilgan materiallarda joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkiya hukumatlararo qo‘shma komissiyasi yig‘ilishi natijalari, so‘nggi yillarda Turkiyaning Bursa, Adana va Antaliya shaharlarida tashkil etilgan O‘zbekiston faxriy konsulliklarining faoliyati, mamlakatimizdagi mas’ul tashkilotlarning Turkiyadagi diasporamiz vakillari bilan aloqalari, Istanbul, Adana va Shanliurfa kabi shaharlarda joylashgan mahalliy diaspora tashkilotlari bilan hamkorlikdagi tadbir va loyihalar haqidagi ma’lumotlar ham o‘z aksini topgan.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning shonli 30 yillik taraqqiyot yo‘li, erishgan natijalari xorijiy davlatlar va ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar ham ekspertlar tomonidan ko‘p bora tahlil qilinib, e’tirof etilayotgani diqqatga sazovordir. Bunday e’tibor va e’tirof har bir vatandoshimiz qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdiradi, mamlakatimiz mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q