«Siz tarix yaratayapsiz, oʻzingizga maʼnaviy haykal qoʻyayapsiz» – Prezident oilaviy bolalar uyi tashkil etgan ota-onalar bilan uchrashdi

Saqlash
22:43 / 21.04.2022 1396 0

Davlatimiz rahbari oilaviy bolalar uyi tashkil etgan ota-onalar bilan uchrashdi.

 

Shavkat Mirziyoyev rahbar sifatida qatʼiyatli va talabchan boʻlsa, shaxs sifatida mehribon va eʼtiborli inson. Buni uning keksalarga, bolalarga, ehtiyojmand odamlarga munosabatidan bilsa boʻladi.

 

Davlatimiz rahbari Jizzax viloyati hokimi boʻlganida Mehribonlik va Muruvvat uylarini tartibga keltirgani, Samarqandda koʻzi ojiz bolalar internatiga borganini odamlar haligacha eslaydi.

 

Bugun bunday mehr-eʼtibor butun mamlakat miqyosiga yoyilgan. Prezidentimiz hududlarga chiqqanida shunday ijtimoiy muassasalarga borishga vaqt topadi.

 

 

Yaqinda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi maktab-internatga borganida Shavkat Mirziyoyev “yurtimizda umuman yetimlar boʻlmasa, qanday yaxshi boʻlardi” degan edi. Xalqimiz bu xayrli tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, barcha hududlarda oilaviy bolalar uylari tashkil etilmoqda. Natijada soʻnggi oylarda 16 ta Mehribonlik uyidan 10 tasi oʻz faoliyatini tugatdi.

 

Qashqadaryo viloyatida ham birinchilardan boʻlib, Kitob tumanidagi 5-son va Qamashidagi 4-son Mehribonlik uylari yopildi. U yerda tarbiyalanganlarning bir qismi yaqinlari bagʻriga qaytgan boʻlsa, bir qismi oilaviy bolalar uylariga qabul qilingan.

 

Prezidentimiz Qashqadaryoga safari chogʻida shunday mehribon insonlar - Husan Xolliyev va Gulbahor Xonimova, Shokir Suyunov va Gulbahor Hamidova, Baxtiyor Toʻrayev va Gulbahor Allanazarova oilalari bilan uchrashdi.

 

 

- Davlatimiz siyosatini amalga oshirib, bolalarning boshini silab, oilangiz bagʻriga olganingiz uchun sizlarga taʼzim qilib, rahmat aytaman, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Siz oʻzligimizni, xalqimiz maʼnaviyatini namoyon etib, namuna boʻlayapsiz. Bu qiyin, buni hamma ham tushunmasligi mumkin. Lekin bu savob ishning ajru mukofoti juda ulkan. Siz tarix yaratayapsiz, oʻzingizga maʼnaviy haykal qoʻyayapsiz. Xalqimiz bunday olijanob fazilatlarni yuksak qadrlaydi.

 

Prezident bolajonlarga ham murojaat qilib, dalda berdi.

 

- Hayot oʻnqir-choʻnqir, sinovlardan iborat. Hozir sizlar uchun sinov. Lekin, men ishonaman, kelajakda tengdoshlaringga oʻrnak boʻlasizlar. Mehnat, mashaqqatsiz muvaffaqiyatga erishib boʻlmaydi. Men ham bolaligimda qiyinchilik koʻrib, katta boʻlganman. Sizlar har doim davlatimizning eʼtiborida boʻlasiz: taʼlim-tarbiyangiz, oʻqishlarga kirishingizni nazoratga olamiz. Xudo xohlasa, kamolingizni koʻrish hammamizga nasib etsin, - dedi davlat rahbari.

 

 

Qashqadaryo viloyatida jami 16 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan boʻlib, ularda 98 nafar oʻgʻil-qiz mehr ogʻushiga olingan. Prezidentimiz ushbu oilalarga ham minnatdorlik bildirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//