Oliy toifali sud tibbiy eksperti pora bilan qo‘lga tushdi

Saqlash
17:10 / 21.04.2022 733 0

Karmana tumanida yashovchi X.J. rafiqasi bilan o‘zaro kelishmovchiliklari tufayli qaynonasi uning uyida janjal chiqaradi.

 

Navoiy viloyat IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, murosa qilishni xohlamagan qaynona ehtiyotsizligi oqibatida yiqilib, tan jarohati oldi. Atrofdagi qo‘shnilar voqeaga guvoh bo‘lsalarda, «mehmon» tan jarohatida kuyovini aybladi. Profilaktika inspektori voqeani o‘rganib, X.J.ning qaynonasini olgan tan jarohati darajasini aniqlash maqsadida Karmana tumani Sud tibbiy ekspertiza bo‘limiga olib boradi.

 

Oliy toifali sud tibbiy eksperti B.N. 1.500.000 so‘m pul evaziga X.J.ning qaynonasini jarohatini yengillashtirib ko‘rsatishini aytadi. Aks holda mazkur holat jinoyat ishi ochishga asos bo‘lishi bilan po‘pisa qilib, X.J.ning yuragiga g‘ulg‘ula soladi.

 

Fuqaro X.J. holat yuzasidan viloyat IIB boshlig‘iga bildirgi bilan murojaat qiladi. X.J. telefon orqali shifokor B.N. bilan suhbatlashib, pulni esa aytilganidek uning qo‘l ostidagi ishchisi 29 yoshli F.D.ga berishini aytadi.

 

Ekspert-shifokorning xodimi pullarni olayotgan vaqtida IIV SHXBB Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.

 

F.D.ning roziligi asosida tezkor tadbir davom ettirilib, shu kunning o‘zida pullar mutaxassis shifokorga yetkazilgan vaqtda tezkor tadbir yakuniga yetdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//