Jamiyat
O‘zbekistonda 2022 - yil 1 - avgustdan boshlab jismoniy shaxsni identifikasiyalashning mobil-ID tizimi joriy etiladi. Prezidentning bu bo‘yicha «Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Keltirishicha, mobil-ID tizimi «Elektron hukumat» tizimi foydalanuvchilarini identifikasiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikasiyalashni nazarda tutadi.
Shaxsni mobil-ID tizimi yordamida identifikasiyalash fuqaroning xohishiga ko‘ra davlat xizmatlari markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining (keyingi o‘rinlarda – YAIDXP) mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Mobil-ID tizimi yordamida identifikasiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan bevosita Markaz yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi hamda Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qo‘l barmog‘i izi olinadi va mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bog‘lanadi.
Mobil-ID tizimi yordamida identifikasiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan YAIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikasiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qo‘llaniladi hamda mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bog‘lanadi. Bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikasiya qilish 2022 - yil 31 - dekabrga qadar to‘lov undirilmasdan, 2023 - yil 1 - yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undirilgan holda amalga oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan (bundan moliyaviy xizmatlar mustasno) foydalanishi mumkin. Fuqaroning YAIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga ko‘ra va belgilangan to‘lovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikasiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.
Qayd etilishicha,mobil-ID tizimini joriy qilish va kelgusida texnik qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan teng miqdorda yoxud qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q